“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti innovatsion loyihasi 10 000 AQSh dollari investitsiya yutdi
24.12.2025
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining “Suv o‘tlari holatini monitoring qilish asosida kislorod ishlab chiqaruvchi bioreaktor” nomli innovatsion loyihasi Respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra eng yaxshi 10 ta ekologik loyiha (TOP-10) qatoriga kiritildi.
Loyiha ilmiy asoslanganligi, ekologik yo‘naltirilganligi hamda amaliy qo‘llanish imkoniyati yuqoriligi bilan ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Yakuniy saralash bosqichida mazkur loyiha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida 1-o‘rinni egallab, Yoshlar Ventures dasturi doirasida 10 000 AQSh dollari miqdorida investitsiyaga sazovor bo‘ldi.
Ishlab chiqilgan bioreaktor xlorella mikrosuvo‘tlari holatini monitoring qilish hamda tabiiy fotosintez jarayonlari orqali kislorod ishlab chiqarishga asoslangan. Loyiha ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirish va barqaror muhandislik yechimlarini joriy etishga qaratilgan.
Loyiha Ozodov Ezoz, PhD boshchiligida universitet innovatsion klasteri a’zosi Baxtiyorov Diyor ishga tushirildi.
Loyiha “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti innovatsion klasteri doirasida amalga oshirilib, ilmiy tadqiqotlar, muhandislik ishlanmalari va yoshlar tashabbuslarining samarali uyg‘unligini namoyon etdi.
Ushbu natija “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining ekologik innovatsiyalar, amaliy fan va yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil va samarali faoliyatini yana bir bor tasdiqlaydi.