Talabalarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogoh etishga qaratilgan amaliy tadbir o‘tkazildi
18.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son Farmonida belgilangan vazifalar hamda ushbu Farmon bilan tasdiqlangan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi” ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir doirasida universitetning bir guruh talabalari giyohvandlik va narkojinoyatlar sodir etganligi uchun jazo o‘tayotgan mahkumlar hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining Birinchi mintaqaviy hududiy 51-sonli manzil koloniyasiga tashrif buyurdilar.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning og‘ir ijtimoiy, huquqiy hamda shaxsiy oqibatlari bilan tanishtirish, yoshlar ongida bunday illatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ularni ogohlik va hushyorlikka chorlashdan iborat bo‘ldi.