Karyera kuni: “Suez International SAS” kompaniyasi va Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti vakillari tashrifi.
05.12.2025
Joriy yilning 5-dekabr kuni Gidrologiya va gidrogeologiya kafedrasi tomonidan tashkil etilgan Gidromelioratsiya fakulteti Gidrologiya (daryo va suv omborlari gidrologiyasi), Meliorativ gidrogeologiya ta’lim yo‘nalishlariga karyera kuni tadbiri doirasida universitetga xalqaro “Suez International SAS” kompaniyasi va Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutining mutaxassislari tashrif buyurdilar.
Tashrifning asosiy maqsadi – talabalar uchun yangi ish o‘rinlari, amaliyot va stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy hamkorlik Gidrologiya yo‘nalishlarini rivojlantirish va zamonaviy suv xo‘jaligi hamda gidrometeorologiya sohasi bo‘yicha tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.
Mehmonlarga universitetda yo‘lga qo‘yilgan:
- • suv resurslarini boshqarish bo‘yicha innovatsion texnologiyalar,
- • raqamli monitoring tizimlari,
- • ilmiy tadqiqot laboratoriyalari,
- • xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan amaliy loyihalar
haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Suez International SAS” vakillari kompaniyaning global loyihalari, yosh mutaxassislar uchun taqdim etilayotgan stajirovka dasturlari, shuningdek “TIQXMMI” MTU talabalari uchun bo‘sh ish o‘rinlari haqida taqdimot o‘tkazdi.
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari esa iqlim o‘zgarishi, gidrologik monitoring tizimlari va ilmiy amaliyotlar bo‘yicha ma’lumot berib, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, ishga joylashish talablari, amaliyot jarayonlari va kelajakdagi karyera imkoniyatlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot olishdi.
Karyera kuni yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, amaliyot dasturlarini kengaytirish va qo‘shma loyiha tashabbuslarini davom ettirishga kelishib oldilar.