"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitet rektorining yoshlar, ota-onalar va pedagoglarga giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan murojaati:

03.12.2025

#Rektordan #Yangilik

Qadrli yoshlar, hurmatli ota-onalar, aziz ustozlar!

Bugungi kunda farzandlarimizning sog‘lom, barkamol va ma’naviyatli bo‘lib voyaga yetishi — barchamizning eng ustuvor vazifamizdir. Farzand — inson uchun eng bebaho ne’mat, ota-onaning umidi va kelajagidir. Shuning uchun ham uni har qanday xavf-xatardan asrash, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish hammamizning muqaddas burchimizdir.

Afsuski, dunyo miqyosida, shuningdek, mamlakatimizda ham yoshlarimizning ba’zi bir illat — giyohvandlik va u bilan bog‘liq jinoyatlarga duch kelayotgani achinarli holatdir. Vaqtinchalik “zavq” yoki “oson pul” degan aldovlar oqibatida qancha yoshlar o‘z umrini, kelajagini, oilasini barbod qilmoqda. Bu xavfning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik — jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi mas’uliyatdir.

Aziz yoshlar!

Siz — mamlakatimiz kelajagisiz. Sizning sog‘lig‘ingiz, bilim olishga bo‘lgan intilingiz va iroda kuchingiz — Vatanimiz taraqqiyotining poydevori. Hech qachon “bir marta sinab ko‘rishdan hech narsa bo‘lmaydi” degan yolg‘on vasvasalarga aldanmang. Giyohvandlik — bu hayotni yemiruvchi zahar, orzularni o‘g‘irlaydigan illatdir. Sizning eng katta kuchingiz — sog‘lom fikringiz va qat’iy pozitsiyangizdir.

Hurmatli ota-onalar!

Farzandlarimiz bilan ko‘proq suhbatlashaylik, ularni tinglaylik, ularga mehr va e’tibor beraylik. Bolaning qalbida ishonch, mehr va ma’naviyat bo‘lsa — u hech qachon yomon yo‘lga kirib ketmaydi. Ular qanday muhitda, kimlar bilan muloqotda ekanidan boxabar bo‘lish, bu borada hushyorlik — zamon talabidir.

Mo‘tabar ustozlar!

Yoshlar tarbiyasidagi sizning o‘rningiz beqiyos. Ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlikning oqibatlarini o‘quvchilar ongiga yetkazish — bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Har bir dars, har bir suhbat — yoshlar qalbida mas’uliyat, odob, vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishi kerak.

Keling, birgalikda hushyorlikni kuchaytiraylik. Giyohvandlik balosiga qarshi kurashda befarq bo‘lmay, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda qat’iy choralar ko‘raylik. Chunki har bir beparvolik — kelajagimizga urilgan zarbadir.

❗️Unutmang! O‘zbekistonning tinch va sog‘lom ertangi kuni — bugungi birligimiz, ogohligimiz va qat’iy pozitsiyamizga bog‘liq.

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitet rektori B.S.Mirzayev