Manfaatdor tomonlar uchrashuvi

01.12.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  27-noyabr kuni Qamashi tumanida sho‘rlangan tuproq sharoitida suvni tejash, hosildorlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, TIQXMMI MTU, UzGIP MCHJ,  Qamashi tuman hokimligi vakillari, Qashqadaryo viloyati qishloq va suv  xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, mahalliy fermerlar, JICA, JST, Yaponiyaning Kiyoto, Kobe, Mie, Tottori universitetlari professorlari, mahalliy olimlar hamda sohaga mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi. Jumladan, Yaponiya davlatining Kobe, Mie va Kyoto universitetlari professorlari, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari yig‘ilishga onlayn tarzda ulanib, fikr almashdi. Tadbirda Mie universiteti professori Kristina Toderich bevosita ishtirok etib, Qamashi tumanida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy tajribalar natijalari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Xususan, tuman hududidagi  TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti olimlari tomonidan “Dildora Ernazarova” fermer xo‘jaligi bazasida o‘tkazilgan tajribalar bo‘yicha suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda tuproq sho‘rlanishi kamaytirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalarni taqdim etdi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, sho‘rlanish darajasini kamaytirish, suv resurslaridan tejamkor foydalanish va mo‘tadil ekotizimni shakllantirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Uchrashuv davomida tomchilatib sug‘orish, sho‘rlanishga chidamli ekin navlarini joriy etish, tuproq tarkibini yaxshilash hamda innovatsion agrotexnik yechimlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi. Tadbir yakunida tomonlar ilmiy hamkorlikni davom ettirish, mavjud loyihalarni kengaytirish va yangi texnologiyalarni Qamashi tumanining boshqa hududlariga ham tatbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. 

Universitet matbuot xizmati