Jamiyat taraqqiyotining muhim omili

21.11.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini oshirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida — siyosat, iqtisodiyot, ta’lim, ilm-fan, tadbirkorlik, madaniyat va san’atda xotin-qizlarning ulushi ortib bormoqda. Davlat tomonidan gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ayollar faolligini kuchaytirib, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim omilga aylanmoqda.

  Xuddi shu ma’noda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Milliy tadqiqot universiteti” va “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali, hamda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida 2025-yil 21-noyabr kuni tashkil etilgan “Jamiyat barqarorligini ta’minlashda ayollarning o‘rni va roli: xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka murosasiz muhitni yaratish” mavzusidagi VI-xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning ham ahamiyati katta bo‘ldi. 

  Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, texnika fanlari doktori, professor Sharipov Kongratbay Avezimbetovich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi deputati,  professor Dilorom Xusnitdinovna Fayziyeva,  Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari, Ra’no Turdiboyeva va falsafa fanlari doktori professor Jamila Shermuxamedovalar ishtirok etib o‘z tabriklarini bildirib konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladilar. 

  Anjuman ishini pedagogika fanlari doktori professor Izmoilova Zuxra Karabayevna moderator va tashkilotchi sifatida boshqarib bormoqda. 

  O‘zbekistonning yangi siyosiy iqlimida ayollar siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Parlamentning quyi va yuqori palatalarida, mahalliy kengashlarda xotin-qizlar ulushi yildan-yilga oshib borayotgani demokratik jarayonlarning barqarorligiga xizmat qilmoqda.

  2020-yildan boshlab gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha milliy mexanizmlarning joriy etilishi, jumladan,  oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyati kuchaytirilishi e’tiborga molik. 

  Gender tenglik bo‘yicha komissiyalar faoliyati, Xotin-qizlar orasidan senatorlar, deputatlar, vazir o‘rinbosarlari, hokim o‘rinbosarlari, universitet rektorlari, ilmiy markazlar rahbarlarining yetishib chiqishi mamlakatda gender tenglikning amalda qaror topayotganini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda ayollar tadbirkorligi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi:

  Xotin-qizlarning o‘rni va faolligi tobora ortib borayotgani ularning salohiyatidan oqilona foydalanilayotganini ko‘rsatadi. Davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar, gender tenglik siyosati, ayollar yetakchiligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari xotin-qizlarning mamlakat taraqqiyotidagi rolini yanada kuchaytirib, ularni jamiyatning teng huquqli va teng mas’uliyatli subyekti sifatida shakllantirmoqda.

  Konferensiya beshta sho‘ba asosida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

  Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi – barqaror rivojlanishga, siyosiy ishtiroki – demokratik jarayonlarga, ijtimoiy faolligi – jamiyat barqarorligiga, madaniy-ma’naviy faolligi – milliy o‘zlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Universitet matbuot xizmati