Turkmanistonlik talabalarning ingliz tilida “Fast Food Lovers” kulinariya-amaliy mashg‘uloti o‘tkazildi
20.11.2025
Universitetimizda darsdan tashqari faoliyatlarni mazmunli tashkil etish, chet ellik talabalarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish va amaliy nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Turkmanistonlik talabalar uchun joriy yilning 17-noyabr kuni “Fast Food Lovers” nomli kulinariya-amaliy mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda universitetimiz “Iqtisodiyot” fakultetining “Ingliz filologiyasi” ta’lim yo‘nalishi 146-guruh va 147-guruh talabalari ingliz tilida fast food mahsulotlarini tayyorlash jarayonida qo‘llaniladigan so‘z va iboralarni o‘rgandilar. Ular lavash, gamburger, xot-dog kabi tez tayyorlanadigan taomlarning masalliqlarini nomlash, jarayonlarni bosqichma-bosqich ingliz tilida ifodalash va retseptni o‘qish hamda tushuntirish bo‘yicha turli vazifalarni bajardilar.
Interfaol tarzda tashkil etilgan mashg‘ulot davomida talabalar o‘zlari o‘rgangan matnlar asosida fast foodlarni tayyorlab, keyinchalik tayyor taomlarni birgalikda baham ko‘rib iste’mol qildilar. Bu esa ularga nafaqat ta’limiy tajriba, balki do‘stona muhitda madaniy muloqot, jamoaviy ishlash va ijodiy yondashuvni shakllantirish imkonini berdi.
Mazkur tadbir ingliz tilini keng qamrovli, amaliy va qiziqarli shaklda o‘rgatish maqsadiga xizmat qildi hamda talabalar tomonidan yuqori kayfiyatda kutib olindi.
Tadbir Britaniya Kengashi bilan xalqaro loyiha doirasida faoliyat yuritayotgan “Kasbiy rivojlantirish markazi”ning fakultet filialida, “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti G. Eshchanova tashabbusi bilan tashkil etildi.