“Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir
18.11.2025
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Energetika” fakultetida joriy yilning 18-noyabr kuni 8-ma’ruzalar zalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirni fakultet dekan o‘rinbosari I. Buxorov va tyutor B. Abdullayev olib bordilar.
Tadbir davomida davlat ramzlarining mamlakat ravnaqi va milliy o‘zlikni shakllantirishdagi o‘rni keng yoritildi. Talabalarga Davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, unda mujassam rang va ramzlarning mazmuni hamda ular orqali ifodalangan milliy g‘urur va mustaqillik ruhiga oid batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Dekan o‘rinbosari hamda faol talabalar o‘z fikr-mulohazalarida vatanparvarlik tuyg‘usining yoshlar hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdilar. Tadbir jarayonida davlat ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularga sadoqat ruhida tarbiyalash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirish borasida fikrlar bildirildi.
Energetika fakulteti jamoasi uchun ushbu sana nafaqat tarixiy ahamiyatga ega kun, balki yurtimiz timsoli — muqaddas bayrog‘imizga bo‘lgan hurmat va ehtirom ifodasidir. Bayrog‘imiz hilpirasa — qalbimizda g‘urur uyg‘onadi, yuragimizda Vatanga muhabbat yanada kuchayadi.
“Energetika” fakulteti tyutori B.Abdullayev axboroti
Universitet matbuot xizmati