Buyuk sarkarda Amir Temur xotirasi yodga olindi
07.11.2025
Yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk siymolar orasida Sohibqiron Amir Temur nomi alohida hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi. Uning adolatparvarligi, davlatni boshqarishdagi donoligi, xalqiga bo‘lgan cheksiz sadoqati bugungi avlod uchun ibrat maktabidir. Shu munosabat bilan, kuni kecha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti “Yer resurslari va kadastr” fakulteti tyutori Turg‘unova Maftuna Zokirovna boshchiligida 1-bosqich 103-guruh talabalari tomonidan Amir Temur xotirasi xiyoboniga ma’naviy-ma’rifiy tashrif uyushtirildi.
Tashrif davomida talabalar buyuk sarkardamiz haykali poyiga gulchambar qo‘yib, u zotning xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirishdi. Tadbir ishtirokchilari Amir Temur muzeyida bo‘lib, Sohibqironning hayoti, davlat boshqaruvidagi siyosati, harbiy san’ati va jahon tarixidagi beqiyos o‘rni haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Muzey xodimlari tomonidan talabalarga Amir Temurning bolalik yillari, saltanatni barpo etish yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, xalqaro diplomatiya va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, tarixiy manbalar va eksponatlar orqali sarkardamizning hayot yo‘lini yanada chuqurroq anglashdi.
Bu tashrif yoshlar qalbida milliy g‘urur, vatanparvarlik, tariximizga sadoqat va ajdodlarimiz merosiga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Amir Temur shaxsiyati – bu faqat tarixiy siymo emas, balki o‘z orzulariga intilgan, ilm va mehnatni qadrlagan, adolatni hayot mezoni deb bilgan yurtboshining timsolidir.
Shunday ma’naviy tadbirlar orqali bugungi yoshlar o‘z tarixini chuqur biladigan, ajdodlar merosiga sadoqatli va kelajakka mas’uliyat bilan qaraydigan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetmoqda.
“Yer resurslari va kadastr” fakulteti tyutori M. Turg‘unova axboroti
Universitet matbuot xizmati