Xalqaro sanoat-akademiya-tadqiqot hamkorligi o‘rnatildi

06.11.2025

#Xalqaro hamkorlik #Yangilik

  Universitet rektorining topshirig‘iga asosan joriy yilning 26-30 oktyabr kunlari “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sh.Shokirov, Yer resurslari va kadastr fakulteti dekani A.Inamov, Geodeziya va geoinformatika kafedrasi dotsenti S.Abduraxmovnov, Davlat kadastrlari kafedrasi mudiri Z.Mamatkulov va Bosh hisobchi I.Xasanovlardan tashkil topgan delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Jiangsu Provinsiyasidagi Nanjin axborot texnologiyalari universiteti mezbonligida “2025 Jiangsu universitetlari Xalqaro sanoat-akademiya-tadqiqot hamkorlik va almashinuv haftaligi” konferensiyasida ishtirok etishdi. 

  Konferensiyaning ochilish marosimi davomida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamda Nanjin axborot texnologiyalari va Xitoy Xalq Respublikasining Huai’an National High-tech Industrial development zone kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan “Tuproq va iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligi” nomli Sino-O‘zbek qo‘shma laboratoriyasining “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida tashkil etilishiga start berildi. 

  Tashkil etilishi rejalashtirilgan laboratoriyada doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Nanjin axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish, ilmiy natijalarni Huai’an National High-tech Industrial development zone kompaniyasi tomonidan tijoratlashtirish hamda professor-o‘qituvchilarining akademik mobilligini tashkil etish, universitetlarning iqtidorli talabalari, yosh olimlari va professor-o‘qituvchilarining qisqa va uzoq muddatli stajirovkalarini tashkil etish hamda hammualliflikda yuqori impakt faktorli jurnallarda maqolalar chop etish va tashkil etish masalalari ilgari surilgan. 

  Safar davomida TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetining delegatsiyasi Nanjin axborot texnologiyalari universitetida tashkil etilgan “Tuproq va iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligi” nomli Sino-O‘zbek qo‘shma laboratoriyasiga tashrif buyurishidir. 

  Tashrif davomida mazkur qo‘shma laboratoriyaning TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida tashkil etilishi va uning kelgusidagi faoliyati bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

  Shuningdek, muzokaralarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ilmiy va akademik almashinuvni kengaytirish hamda ta’lim eksportini kuchaytirish masalalari yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.