Bugun 16 oktyabr kuni "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida “Ajdodlar merosiga munosib avlod” g‘oyasi doirasida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

17.10.2025

#Rektordan #Yangilik

Tadbirning asosiy maqsadi nuroniylar va yoshlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlash, tajribali avlodning hayotiy saboqlaridan yoshlarning foydalanishini ta’minlash hamda ularni bilimga, fidoyilikka va vatansevarlikka chorlashdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuvda yurtimizda taniqli davlat va jamoat arboblari, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari hamda universitet jamoasi ishtirok etdilar. Jumladan, “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Abduhaqimovich Kalanov, O‘zbekiston sudyalari assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yoshlar murabbiysi Ming‘boev Ubaydullo Qurbonovich, “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisining o‘rinbosari, filologiya fanlari falsafa doktori Usmonov Shuxrat G‘iyasovich, hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining siyosiy sharhlovchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Mehnat faxriysi Karimbekov Qobilbek To‘xtabekovich mehmon sifatida qatnashdilar.

Rektor Bahodir Mirzaev hamrohligida mehmonlar universitetning ilmiy va innovatsion faoliyati, talabalar yutuqlari hamda Abdulla Oripov nomidagi muzey bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbirda yoshlar va nuroniylar o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflari bilan mehmonlarga murojaat etdilar, bu esa uchrashuvning jonli va ilhombaxsh ruhda o‘tishini ta’minladi. Shuningdek, “0,5 dan 1000 gacha: Startap va ta’lim integratsiyasi” mavzusida yosh olim Ozodov E’zoz taqdimot bilan ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbir davomida universitet rektori tomonidan Rustam Abduhaqimovich Qalanov "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetining "Faxriy ko‘krak nishoni" bilan taqdirlandi.