Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi

07.10.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari #Xalqaro hamkorlik

  Jumladan:

- mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi;

- Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi;

- Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi;

- Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, "Turkiy yashil yo‘laklar" tizimi va "Yashil transformatsiya" konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;

- Organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi;

- O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidladi;

- Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etdi;

- Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi;

- O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini e’lon qildi;

- Ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi;

- 2026-yilda "Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida" mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.