Uch birlikning kuchi: Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon hamkorligi
22.08.2025

Bugungi globallashuv
sharoitida davlatlararo hamkorlik nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki
mintaqaviy barqarorlik va xalqaro maydondagi mustahkam oʻrinni taʼminlashda ham
muhim oʻrin tutadi. Shu maʼnoda Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon
respublikalari oʻrtasidagi doʻstona aloqalar hamda strategik sheriklik tobora
yangi mazmun kasb etmoqda.
Avvalo, shuni qayd etish
zarurki, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjonni birlashtiruvchi eng asosiy
omillardan biri – bu umumiy tarixiy ildizlar, madaniy yaqinlik va maʼnaviy
qadriyatlardir. Ularning xalqlari oʻzaro qardoshlik rishtalari bilan bogʻlangan
boʻlib, koʻp asrlik doʻstlik, savdo-sotiq va madaniy aloqalar bugungi kunda ham
hamkorlikning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda.
Ikkinchidan, mintaqaviy iqtisodiy
aloqalarning kengayishi uch respublika uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, ayniqsa, xalqaro tranzit
yoʻlaklarini shakllantirishda bu davlatlarning birgalikdagi tashabbuslari muhim
ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Kaspiy dengizi orqali oʻtuvchi yoʻnalishlar,
“Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi” loyihasi, energetika va savdo
sohalaridagi hamkorlik – barchasi mintaqaning jahon iqtisodiyotiga
integratsiyasini jadallashtirmoqda.
Uchinchidan, siyosiy muloqotning
faollashuvi hamkorlikning yana bir muhim jihatidir. Oʻzbekiston, Turkmaniston
va Ozarbayjon rahbarlari oʻzaro uchrashuvlarida nafaqat ikki tomonlama, balki
koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qilib
kelmoqdalar. Ularning kelishuvlari mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, barqaror
taraqqiyotga erishish hamda xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini
qoʻllab-quvvatlashda oʻz samarasini koʻrsatmoqda.
Bugun oʻtkazilgan “Avaza”
milliy turizm zonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev,
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli
Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uch
tomonlama uchrashuvida ham yuqoridagi masalalar tilga olindi.
Savdo-iqtisodiyot,
transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi koʻp qirrali
hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari soʻzining
avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni avgust oyi boshida BMTning Dengizga
chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi
konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan yana bir bor samimiy
tabrikladi.
Oʻzbekiston Prezidenti
Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni yaqinda Vashington shahrida Armaniston
bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan ham dildan qutladi.
Davlatimiz rahbari koʻp
qirrali hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qator aniq takliflarni bildirdi.
Oʻzaro hamkorlikning samarali
tomoni shundaki, bu jarayon madaniy-gumanitar aloqalarning kuchayishi xalqlar
oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi. Ilmiy hamkorlik, taʼlim va madaniyat sohasida
qoʻshma loyihalar, yoshlar almashinuvi dasturlari – bu uch qardosh davlatning
kelajakdagi taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi dunyoda davlat chegaralari
iqtisodiy izolyatsiyadan koʻra integretsiyaga intilib, yoʻllar, temir yoʻllar
va dengiz yoʻllari orqali yaqinlashmoqda. Xususan, Ashgabat kelishuvi doirasida
Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Hatto Afgʻoniston bilan bir
qatorda Oʻzbekiston ham mintaqaviy transport yoʻnalishlariga integratsiya
qilinmoqda . Bu kelishuv Xorazmdan Kavkazgacha boʻlgan hududda yangi tranzit
imkoniyatlarni ochib beradi.
"Uch birlik” rishtalari
energetika va gaz yoʻllari orqali ham oʻz natijalarini koʻrsatmoqda.
Turkmaniston tabiiy gaz yetkazib berishda Markaziy Osiyoning yetakchisi
hisoblanadi. 2022-yilda Xitoyga gaz yetkazilish hajmi taxminan 34 milliard kub
metrni tashkil qilgan . Bundan tashqari, Turkmaniston gazining bir qismi Eron
orqali Ozarbayjon orqali almashtiriladigan — yaʻni swap tizimi orqali uzatiladi
. Bu jarayon Ozarbayjon bilan energetik tarmoqlarda yaqin muloqotni anglatadi.
Xuddi shu mulohazalarni
xalqaro muloqotni jonlantiruvchi bron- turizm misolida ham aytish mumkin. “Uch birlik”ning transport-energetika
yoʻnalishidagi hamkorligi orqali mintaqa oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlab,
global maydondagi rolini ham oshirmoqda. Ashgabat, Lapis-Lazuli, Shimol-Janub
yoʻnalishlari ularning iqdisodiy strategiyalarida markaziy oʻrin egallaydi .
Oʻsha uchrashuvga uch
davlatning ulkan tranzit salohiyatini toʻliq ishga solish muhimligi qayd
etildi.
Bundan tashqari,
saʼy-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda
ishtirok etishi mumkin boʻlgan donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan
pragmatik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini berishi taʼkidlandi.
Bu “Uch birlikning kuchi” —
Transportning rivojlanishi, portlar kengayishi, gaz swap-sotiqlari va turist
oqimi muloqot yoʻllarini faollashtirayotgan ekan. Bu uch davlat rahbarlari
doʻstlik rishtalarini siyosiy bayonotdan koʻra, iqtisodiy va madaniy amallarda
mustahkamlab bormoqda.
Xulosa qilib aytganda,
Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon rahbarlari oʻrtasidagi samimiy muloqot,
oʻzaro hurmat va manfaatdorlikka asoslangan siyosat “uch birlikning kuchi”ni
yaqqol namoyon etmoqda. Bu kuch nafaqat mintaqamiz, balki butun Yevroosiyo
makonida barqarorlik, taraqqiyot va farovonlikni taʼminlashda muhim omil boʻlib
xizmat qilmoqda.
Rahimboy Jumaniyozov
Professor, Oʻzbekiston
Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi





