Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektori rivojlantiriladi
18.08.2025

“O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarishda irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–250-son, 15.08.2025 y.) qabul qilindi.
🟢 Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- 🔹 irrigatsiya tarmoqlarining 2 551 km qismini rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun har yili Davlat byudjetidan kamida 1,3 trln so‘m ajratish va xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 300 mln AQSh dollarini o‘zlashtirish;
- 🔹 suv ta’minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlar hajmini 424 ming gektardan 276 ming gektargacha qisqartirish.
🏛 Qaror bilan Suv resurslarini oqilona boshqarish, ulardan samarali foydalanish va muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika suv kengashi tarkibi tasdiqlandi.
⏰ Bundan tashqari, Qarorga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar belgilangan 15 ta nasos stansiyasiga muqobil energiya manbalari (quyosh panellari) hamda energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish loyihasi amalga oshiriladi.