Bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi

09.08.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

  Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

  Oxirgi yetti yilda qabul 4,5 barobar oshib, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 42 foizga yetgan bo‘lsa-da, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emas.

  Misol uchun, Jizzaxdagi “BYD” zavodida 100 ta vakant bor. Shuning to‘rtdan biri – robototexnika va bo‘yoqlash, robotlarni dasturlash muhandislari. Zavod to‘liq quvvatga o‘tsa, malakali kadrlarga talab yanada ortadi.

  Oliy ta’limda o‘qitilayotgan kadrlar bilan ish beruvchilar talabi o‘rtasida farq katta. Oqibatda korxonalar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘layapti. Har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25-30 million so‘m sarflayapti. Lekin, to‘rt yil umrini sarflab, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi oddiy-oddiy ishlarda band.

  So‘nggi yillarda 40 ta oliy o‘quv yurtiga moliyaviy mustaqillik berilgani samarasida iqtisodiyot, huquqshunoslik, tibbiyot, xorijiy tillar va pedagogika yo‘nalishidagi muassasalarning o‘z mablag‘i paydo bo‘ldi. Lekin qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlari yoshlar uchun jozibador emas.

  Tarmoqlar bilan bog‘liqlikni oshirish maqsadida 25 ta muhandislik bilim yurti hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochdi. Masalan, neft-gaz tarmog‘i ta’lim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qilgan. Shunday amaliyot natijasida Buxoro texnika universitetining 2 mingdan ziyod bitiruvchisi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashgan. Ilmiy tadqiqotni tijoratlashtirish 10 karra oshgan.

  Yaqin yillarda mamlakatimizda 83 milliard dollarlik yirik loyihalar ishga tushishi rejalashtirilgan. Ularning hisobiga sanoatning o‘zida 500 mingga yaqin mutaxassisga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

  Masalan, Buxoro viloyatida yirik gaz-kimyo majmuasi qurilmoqda. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda Ustyurtda katta loyihalar boshlanmoqda.

  Bularning barchasi oliy ta’limni sohalar talabi darajasiga ko‘tarish, kadrlar tayyorlash sifati va yoshlar bandligi qamrovini jadal oshirishni talab etadi.

  Yig‘ilishda davlatimiz rahbari bu boradagi yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.

  Endi qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 tadan ko‘p bo‘lgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi. Bu orqali mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliy o‘quv yurtiga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.

  Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun, asosiy fanlardan tashqari, qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy qiladi. Ularni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi.

  Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investorlar ishtirokida yillik baholanadi. Bitiruvchi diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, investor talabiga mos bitiruvchilar kafolatli ishga olinadigan bo‘ladi.

  Mehnat munosabatlarida xususiy sektor uchun manfaatli tizim yaratilmoqda. Endi bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ball beriladi. Oliy ta’lim muassasasi ularni bo‘sh o‘rin bor korxonaga yo‘naltiradi.

  Yig‘ilishda rektorlar vakolati va mas’uliyatini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda Yangi O‘zbekiston universitetining baholash tizimi boshqa muassasalarda ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

  Bunda oliy o‘quv yurtiga  bitiruvchilar bandligiga qarab 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab 30 ball, ilmiy salohiyati va tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun 20 ball, jalb qilingan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi. Ushbu ballarga qarab, moliyalashtirish tizimi joriy qilinadi.

  Yangi O‘zbekiston universitetida “Rektorlar maktabi” dasturi orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar maqsadli tayyorlanadi.

  Endi barcha oliy o‘quv yurtlari tashkiliy va akademik mustaqil bo‘ladi. Jumladan, rektorlar o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi, belgilangan miqdor doirasida professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarini taqsimlaydi. Shuningdek, rektorlarga “super kontrakt” miqdorini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi.

  Mutasaddilarga ushbu yangiliklarni adolatli va tizimli yo‘lga qo‘yish topshirildi.

  Davlatimiz rahbari yana bir muhim tashabbusni ilgari surdi.

  Ma’lumki, hujjat topshirishda abituriyentlar 5 tagacha oliy o‘quv yurtini tanlayapti. Bu yoshlar uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi.

  Endi bu yanada kengaytiriladi. Abituriyentlar tanlovidan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin bali boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, ularni shartnoma asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.

  Yig‘ilishda yoshlar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bu yilgi 92 ming bitiruvchining keyingi faoliyatida ko‘maklashish chora-tadbirlari belgilandi.

  Qayd etilganidek, ulardan 20 ming nafari magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi. Yana 20 mingi Bandlik vazirligi orqali staj talab qilmaydigan ishlarga joylashtiriladi.

  Har bir viloyatda “biznes inkubatorlar” tashkil qilib, tadbirkorlik, marketing, dizayn, axborot texnologiyalari sohalarida 10 ming bitiruvchini band qilish mumkinligi aytildi.

  Shuningdek, kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish, transport, logistika kabi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda yoshlarni ishli qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

  Tijorat banklari orqali 20 ming bitiruvchining biznes boshlashiga ko‘maklashish rejalashtirilgan. Xususan, yoshlar bandligini ta’minlash uchun Milliy bank va Aloqa bangga bu yil 300 million dollar ajratilgan.

  Banklar mazkur imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchilarni ishga olgan korxonalarga ham berish tashabbusini bildirdi. Endi bunday tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit beriladi. Ushbu yangi tizim nafaqat bu yilgi, balki o‘qishni tugatganiga 3-yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun ham tatbiq qilinadi.

  Uyushmagan yoshlarni alohida mehr-e’tiborga olib, foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi. Ularni kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

  Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, rektorlar va tadbirkorlarning fikrlari eshitildi.