Avaza ning ovozasi
07.08.2025

“O‘zingga ravo ko‘rganni o‘zgaga ham ravo ko‘r“ - degan hadisnamo o‘git bor. Faqat o‘z xalqiga, o‘z mamlakatigagina emas, balki dunyo xalqlarga, o‘zga davlatlarga ham ezgulik va manfaatni ko‘zlash oliyjanoblikdir. Xuddi shu ma’noda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari orasida lider prezident sifatida faoliyat olib borayotgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ana shunday nisbatga ega desak, xato bo‘lmaydi. Ilk Prezidentlik faoliyatini boshlagan damlaridayoq BMT ning Oliy minbaridan turib dunyo xalqlariga tinchlik, do‘stlik va hamkorlik g‘oyalarini ilgari surdi va turli davlatlarning e’tiboriga tushdi.
Buning isbotini kuni kecha Turkmanistonda o‘tkazilgan xalqaro anjuman doirasidagi e’tiboru e’tirofdan ham ko‘rish mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning ”Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun“ ordenini tantanali topshirilishi millatimiz yetakchisining faoliyatiga berilgan yuksak baho hamdir.
- Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida e’tibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning e’tirofi sifatida qabul qilaman, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston yetakchisi Arqadag‘ va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga ulkan hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va o‘zlikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatlarimizni e’tirof etayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Prezidenti dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, boshqa qator davlat va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tgan ushbu tadbir har tomonlama ahamiyatli bo‘ldi.
– Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bular barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarining oldini olish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va global teng huquqlilikning asosiy elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlashdir.
Amalga oshirilayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlar, savdo tizimini liberallashtirish va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash sezilarli natijalar bermoqda: raqobatbardoshlik oshdi, innovatsion rivojlanish jadallashdi. Bu natijalarning asosi nimalar bilan belgilanishini ham Prezidentimiz alohida e’tirof etdi.
– Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi darajaga ko‘tarilgani esa jadal o‘zgarishlarga kuchli turtki bermoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yilda hamkorlar bilan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlandi, “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
”O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston“ temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan ”Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston“ temir yo‘l magistrali bilan tutashtirish muhimligi ta’kidlandi.
– Bu keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shuningdek, O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha Innovatsion habni tashkil etish taklifini amalga oshirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Bu moslashuvchan agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha innovatsion loyihalarni ilgari surish, bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti yetakchi ekspertlar va ”aql markazlari“ni umumiy tahdidlarni yengib o‘tish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga faol jalb qilish, shu jumladan xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazish muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida ekani ma’lum qilindi. So‘zining yakunida davlatimiz rahbari mamlakatimiz global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini tasdiqladi.
Avaza siyosiy deklaratsiyasining qabul qilingani mushtarak maqsadlarning amalga oshuvidagi dadil qadam bo‘ldi deyish mumkin.
Ushbu uchinchi konferensiya doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi ham o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari borasida e’tiborga molik bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida shularni qayd etish mumkin.
BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar (DCHIRM) bo‘yicha konferensiyasining ahamiyati va istiqboli juda katta, chunki ushbu mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni hal qilishga qaratilgan. Konferensiyaning asosiy ahamiyati va istiqbollari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Birinchidan, konferensiya DCHIRMning o‘ziga xos muammolariga jahon hamjamiyatining e’tiborini jalb qiladi. Bu esa, ushbu mamlakatlarning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan xalqaro yordam va hamkorlikni kuchaytirishga yordam beradi.
Ikkinchidan, konferensiya DCHIRM uchun o‘z manfaatlarini ilgari surish, umumiy muammolarni muhokama qilish va yechimlar topish uchun muhim siyosiy platforma vazifasini o‘taydi.
Uchinchidan, DCHIRMning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tadbirlarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun sharoit yaratadi. Bunga transport infratuzilmasini rivojlantirish, savdoni osonlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va boshqa choralar kiradi.
To‘rtinchidan, DCHIRM o‘rtasidagi, shuningdek, rivojlangan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa, umumiy muammolarni birgalikda hal qilish va barqaror rivojlanishga erishish uchun muhimdir.
Beshinchidan, DCHIRMning rivojlanish tajribasi, muvaffaqiyatlari va muammolari haqida ma’lumot almashish uchun maydon yaratadi. Bu esa, boshqa mamlakatlar uchun foydali saboqlar olish va eng yaxshi amaliyotlarni qo‘llash imkonini beradi.
Ushbu konferensiyaning istiqbollari haqida shuni aytish kerakki, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ya’ni qashshoqlikni tugatish, ochlikka barham berish, sifatli ta’limni ta’minlash, gender tengligiga erishish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, jahon bozorlariga chiqishini osonlashtirishga yo‘l ochadi. Raqamli texnologiyalarni joriy etish: Konferensiya DCHIRMda raqamli texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishga ko‘maklashadi. Bu esa, ularning iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, xizmatlar sifatini yaxshilash va aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.
Umuman olganda, BMTning DCHIRM bo‘yicha ”Avaza“ milliy turizm hududida o‘tkazilgan uchinchi konferensiyasi ushbu mamlakatlarning barqaror rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega va ularning kelajagi uchun katta istiqbollarni ochadi.
Ta’bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, ”Avaza“ning ovozasi hamkorlik va do‘stlikning bongi sifatida ishtirokchi davlatlarning manfaatlariga xizmat qilishi haq.
Rahimboy Jumaniyozov ”TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti matbuot kotibi, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi









