Uch birlik - boqiylik belgisi (Vatan, millat, xalq uchun)

24.07.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari


  Vatan, Millat va Xalq tushunchalari odamzod uchun eng oliy qadriyat. Ushbu uch tushuncha insonning ma’naviy-axloqiy mezoni, fidoyilik tamsili va faol fuqarolik pozitsiyasini belgilaydi. Ular alohida qaralsa ham, bir-biriga uzviy bog‘langan yagona uyg‘unlik — uch birlik sifatida jamiyat taraqqiyoti, milliy o‘zlik va davlat barqarorligining asosiy tayanchi bo‘lib xizmat qiladi.

  “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–222-son, 10.07.2025 y.) ana shu ruh bilan sug‘orilgan. Qarorga ko‘ra, milliy istiqlolimizning 34-yillik shonli sanasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot darajasi, jahon maydonidagi obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib tarzda, yuksak saviyada nishonlanadi.

  Mustaqillikning 34-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan ezgu g‘oyasi ostida o‘tkazilishi, ayni paytda «Ona diyor — ranglar jilosida», «Vatan uchun yashaylik!», «Eng ulug‘, eng aziz» kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar bilan muzayyan etilishi uqtirildi.

  Vatan - borliq, u tabiat va jamiyatning uzviy birligi bilan bog‘liq hudud bo‘lsa, Millat – boylik, u tili, qadriyatlari, urf-odat, an’analari bilan o‘zligini saqlay olish, Xalq esa – borlik, ya’ni mavjudlik mezoni mushtarak maqsadlar bilan istiqbol sari intiluvchi kuch.

  Jon va tan bu - jon Vatandir. Inson ko‘zsiz, qo‘lsiz, oyoqsiz yashash mumkin, lekin u vatansiz yashab bilmaydi. U inson tug‘ilib, kamolga yetadigan, ruhiy va moddiy borlig‘ini anglaydigan ta’rifsiz, muqaddas, kindik qon to‘kilgan makon. Uning mavjudligi inson hayotining jismoniy va ma’naviy borlig‘ini belgilaydi. Har qanday insonning yoshligi, yodgorliklari, muqaddas xotiralari Vatan bilan bog‘lanadi. Har qanday davlatning milliy xavfsizligi va tinchligi avvalo, vatanning saqlanishida himoyasidadir. Zeroki, g‘oyamiz – himoyamiz. Shuning uchun ham Vatan muqaddas, uni asrash har birimizning burchimizdir degan shior bejiz emas. Demak, uning qadrini, obodligini saqlash, uning istiqboli uchun jon fido qilish har bir fuqaroning burchidir.

  Vatanini yo‘qotgan millat barqaror borlig‘ini yo‘qotganligiga tarix shohid. Masalan, tarixdagi sarmatlar, skiflar, xazarlar tarixiga bir nazar kifoya.

  Mustahkam fuqarolik jamiyati barpo etishda har bir inson o‘z mehnati , qobiliyati bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shadi. Masalan, fermer o‘z yerini boqiy obod qilsa, o‘qituvchi ilm bilan kelajakni tarbiyalaydi va hokazo.

  Millat - ma’naviy boylik, tarixi va madaniyati bilan qadrli. Millat - umumiy til, tarix, urf-odat va qadriyatlarga ega bo‘lgan ijtimoiy-ruhiy birlik. Uning boyligi — yuz yillar davomida to‘plangan ma’naviy va moddiy merosida. Boshqacha aytganda, u tarixiy yodgorlik emas, yashovchi kuch bo‘lib, umumiy tarix, til, din, madaniyat, urf-odat bilan bog‘langan jamiyatning umumiy jonidir. Millat birlashuvi xalqning yakdilligi, birligini ta’minlaydi. Millat o‘z qadriyatlarini qadrlasa, bu uning ma’naviy qudratini belgilaydi. Misol sifatida aytish mumkinki, O‘zbek tilining davlat tili maqomini olishi nafaqat rasmiy huquq, balki milliy o‘zlik timsoli bo‘ldi. Shuningdek, “Navro‘z” bayramining YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy merosi sifatida e’tirof etilishi milliy qadriyatlar xalqaro miqyosda ham tan olinayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, o‘sha nufuzli tashkilot tomonidan o‘zbek milliy raqsi, Baxshichilik san’ati, palov milliy meros sifatida e’tirof etilgani ham xuddi shu mulohazalarimizning tasdig‘idir.

  Millat o‘z qadriyatlari, tili, adabiyoti va san’ati orqali jahon tamadduniga hissa qo‘shadi. Millat yo‘qolsa — til, madaniyat, adab ham yo‘qoladi. Alisher Navoiy, Ibn Sino, Forobiy — o‘z millatlarining ilmiy boyligidir. Millat — boylikdir, chunki u yolg‘iz moddiy emas, ma’naviy, tarixiy, estetik qimmatga egadir.

  Xalq - milliy birlik va ijtimoiy adolat poydevori. Xalq — bu Vatanni obod qiluvchi, Millatni yashovchi kuchga aylantiruvchi omil. Xalqning farovonligi davlatning asosiy vazifasidir. Agar xalq hurmatda bo‘lsa, millat ulug‘lanadi, vatan yoritiladi.

  Misol sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” g‘oyasi markaziy siyosiy va ijtimoiy strategiyaga aylandi. Uning asosida xalq manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish maqsadi turibdi. Pandemiya davrida shifokorlar, volontyorlar va oddiy fuqarolar xalq xizmatida fidoiylik ko‘rsatishdi. Bu xalqparvarlik va yuksak hamjihatlik namoyonidir.

  Xalq — bu tirik jamiyat, ongli omma, milliy g‘oyalarni amalga oshiruvchi ijtimoiy subyekt. Xalq bor ekan, Vatan ham, Millat ham hayot kechiradi.

  Mulohazalarimizga mantiqiy qudrat baxsh etuvchi ushbu aforizmlarni keltirish o‘rinlidir. Xalqsiz vatan - tashlab ketilgan yer. Xalqsiz millat — ildizsiz shox. Xalq – ijodkor, bunyodkor, himoyachi va saqlovchi tabiatga ega.

  2020-yildagi pandemiya davrida xalqning birdamligi, o‘zaro yordam ruhi davlatni kuchli qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston tarixidagi Qo‘qon xonligi, Buxoro amirligi davrlarida xalq harakatlari tarixiy o‘zgarishlarni amalga oshirgan. Ma’rifatparvar adib Abdulhamid Cho‘lpon iborasi bilan aytganda, “xalq dengizdir, xalq to‘lqindir xalq kuchdir”. Xalq - millatning hayotdagi “nafasi”, borlikning real ifodasidir. Shu bois u borligimizning belgisi hisoblanadi.

  Uch birlik — abadiy bag‘rikenglik ramzi. Vatan, Millat va Xalq — bu abadiy uch burchak. Ularning birligini asrash — jamiyatning ruhiy barqarorligini, ma’naviy yetukligini ta’minlaydi. Bugungi yosh avlod ana shu uch birlik asosida tarbiyalansa, kelajak — ma’rifatli, teran tafakkurli va yuksak mas’uliyatli insonlar qo‘lida bo‘ladi.

  Vatanni sevish — iymondan ekanini, millatni ardoqlash sharafli burch, xalqqa xizmat qilish insoniylik tuyg‘usi ekanini bilgan har bir yosh vatan qayg‘usi va vatanparvarlik tuyg‘usini teran his etadi. 

  Mustaqilligimizning 34-yilligi arafasidagi ushbu shiorning - uch g‘oya uyg‘unligining falsafiy ifodasidan kelib chiqqan holda, shuni ta’kidlash mumkinki, Vatan - bu bizning makonimiz, vatanparvarlik esa makondagi imkonimiz. Millat — ruhiy va madaniy boyligimiz bo‘lsa, xalq esa ana shu qadriyatlarni yashovchi va saqlovchi mavjudligimiz manbaidir.

  Bu uchalasi bo‘lmasa — jismsiz tanadek, ruhsiz millatdek, maqsadsiz jamiyatdek zaif holat yuzaga keladi. Shuning uchun ham bu uchlik — inson, davlat va jamiyat birligidagi ma’naviy tirgakdir.

  Barcha harakatlarimiz, mushtarak maqsadlarimiz mustaqilligimizning teran ildizlari bo‘lgan ana shu uchta tushuncha bilan uyg‘un. Vatan, millat, xalq - borlig‘imiz, boyligimiz, boqiyligimiz belgisi. Bu tushunchalar birdamlik va bardamlikka chorlovchi davlatimiz rahbarining da’vati hamdir. 

  Shunday ekan o‘z mehnat-u qobiliyatini, bilim-u iqtidorini vatan, millat va xalq uchun safarbar eta olgan insonni chinakam vatanparvar, millatparvar, xalqparvar, eng muhimi, ma’rifatparvar deyishga haqqimiz bor.

Rahimboy Jumaniyozov, Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari hamda 

“Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyatning a’zosi, “TIQXMMI” MTU matbuot kotibi