Hamkorlikning ilk qadamlari
12.07.2025

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va Turkmaniston Respublikasining S.A.Niyazov nomidagi Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universiteti bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan mazkur universitetning “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakultetining 4-bosqich talabalari joriy yilning 7 iyulidan universitetimizga amaliyot o‘tash uchun tashrif buyurishdi. 8 iyuldan 11 iyulgacha talabalarga amaliyot dasturi doirasida “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyala” kafedrasi professor-o‘qituvchilar dotsentlar N.Q.Usmonov, I.J.Xudayev, A.U.Atajanov. B.X.Norov va M.O.Xolbo‘tayevlar ishtirokida qurilish va melioratsiya texnikalari va ularning ekspluatatsiyasi bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil qilindi. Mashg‘ulotlar davomida talabalar kafedra bazasida mavjud zamonaviy ekskavator trenajer – simulyatori, LiuGong CLG915E ekskavatori, WZ30-25 ekskavator-yuklagichi, TY 160 UzXCMG buldozeri tuzilishi, ularni boshqarish va ular yordamida texnologik jarayonlarni bajarish bo‘yicha zaruriy malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Shu bir qatorda kafedrasining zamonaviy laboratoriya qurilmalari va stendlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi va kelajakda “Melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” ixtisosligi bo‘yicha amaliyot va laboratoriya mashg‘ulotlarini universitetimizda o‘tkazish taklifi muhokama qilindi.
Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash kafedrasi mudiri B.Norov ma’lumoti



