“TIQXMMI” MTU delegatsiyasi Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdi

09.06.2025

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

Joriy yilning 4-iyun kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori professor Shuhrat Shokirov, Xalqaro reyting bo’limi boshlig’i Ilxom Abduraxmanov hamda Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi assistetni Xojiakbar Xasanov Vengriyaning Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdilar.

“TIQXMMI” MTU delegatsiyasini Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universiteti Ilmiy ishlar bo’yicha prorektori professor Gergely Zarand qabul qildi. Shuningdek, ushrashuvda Geodeziya va yer tuzish kafedrasi professori professor Lorant Foldvary ham ishtirok etdi.

Dastavval har ikki universitet vakillari amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirib o’tishdi. Shundan so’ng, muhandislik, qurilish, kvant fizikasi, geodeziya va geoinformatika, energetika hamda tabiiy fanlar yo’naishlarida hamkorlikda qo’shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, maqolalar chop etish imkoniyatlari ko’rib chiqilib, ularni amalga oshirish yo’llari kelishib olindi. Qolaversa, Geodeziya va Geoinformatika mutaxassisligi bo’yicha qo’shma magistratura dasturini yo’lga qo’yish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashrif davomida Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universitetida “Geodeziya va GAT” magistrature mutaxassisligi bo’yicha tahsil olayotgan “TIQXMMI” MTUning sobiq talabalari Oyatillo Ibragimov va Allamurat Arzimuratov bilan uchrashuv tashkil etildi. Ularning yutuq va muammolari o’rganilib, tegishli maslahat va ko’rsatmalar berildi.