“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti vakili Olmaota shahrida o’tkazilgan GISCA 2025 xalqaro an’anaviy ilmiy konferensiyasida ishtirok etdi

09.06.2025

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

XIX "Markaziy Osiyoda GAT – GISCA 2025 konferensiyasi joriy yilning 30-31 may kunlari Qozog’istonning Olmaota shahrida joylashgan Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy agrar universitetida (KazNU) bo‘lib o‘tdi. Konferensiyani GISCA konferensiyalari asoschisi, Zalsburg universiteti professori Jozef Shtrobl hamda KazNU rektori, professor Jansait Tuimebayev ochib berdi.

Konferensiyada Avstriya, Germaniya, Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istondan 130 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Shuningdek, ESRI, Eurasia-Pacific Uninet, Trimble va ACA*GIScience kabi jahonga mashhur tashkilotlar vakillari ham ishtirok etishdi. Jumladan, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Xalqaro reyting bo’limi boshlig’i, Geodeziya va geoinformatika kafedrasi katta o’qituvchisi Ilxom Abduraxmanov ham ishtirok etdi. U konferensiyada “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Vengriyaning Nyiregyhaza universiteti bilan hamkorikda amalga oshirilayotgan “Geofazoviy usullar orqali organik va an’anaviy dehqonchilikni qo’llab-quvvatlash” mavzusidagi ilmiy loyiha doirasida amalga oshirilgan tadqiqot ishlari natijalari taqdimot qildi. Shuningdek, 2 ta sessiyada (1-sessiya: Fazoviy ma'lumotlar infratuzilmasi va geoportal hamda 2-sessiya: GATda innovatsion usullar) moderatorlik qildi. E’tiborli tomoni shundaki, tadbirda nafaqat olimlar va ilmiy izlanuvchilar, balki talabalar ham ilmiy taqdimotlari bilan qatnashishdi. 

Konferensiya ishida Markaziy Osiyo mintaqasiga bag‘ishlangan quyidagi mavzular bo‘yicha ilmiy maqolalar taqdimot qilindi:

• hududlarni barqaror rivojlantirishda GAT;

• geofazoviy infratuzilma va ekotizimlarni rivojlantirish;

• atrof-muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf qilish hamda aholi salomatligi sohasida GAT;

• qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va boshqa sohalarda GAT;

• geodeziya, kadastr, kartografiya va yer tuzish sohasidagi yangi yo‘nalishlar va texnologiyalar;

• madaniy va tabiiy meros obyektlarini boshqarishda GAT;

• geoinformatika sohasida kasbiy va uzluksiz ta’lim.

GISCA 2025 konferensiyasi geografik axborot tizimlari (GAT) va fazoviy tahlil sohasidagi joriy yutuqlar va muammolarni hal qilish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish va raqamli transformatsiya g‘oyalarini Markaziy Osiyodagi universitetlar bo‘ylab ilgari surishdan iborat bo’ldi.

Asosiy ma’ruzachilardan biri, Geydelberg geoaxborot texnologiyalari instituti (HeiGIT) professori Aleksandr Zipf “OpenStreetMap for Humanitarian Action” nomli taqdimotni o‘tkazdi. Yana bir asosiy ma’ruzachi, ESRI bosh direktorining Yaqin Sharq, Afrika va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Richard Budden “The Geographic Approach: Creating Insight and Understanding with GIS” mavzusida ma’ruza qildi.

Eslatib о‘tamiz, ushbu konferensiyada taqdimot qilinib, tanlab olingan ilmiy maqolalar Scopus bazasida indekslangan jurnallarda chop etiladi.