Yer olish va ko‘chirish jarayonlarida ijtimoiy xavflarni boshqarish bo‘yicha Hindistonga o‘quv tashrifi

03.06.2025

#Ilmiy faoliyat #Xalqaro hamkorlik

2024-yil 21–24-may kunlari Jahon banki ko‘magida Hindistonning Haydarobod shahrida joylashgan Ma’muriy boshqaruv kolleji (ASCI)da “Markaziy Osiyoda Yer olish, ko‘chirish va tiklash bo‘yicha Yuksak malaka markazini tashkil etish” mavzusida o‘quv tashrifi tashkil etildi.

Tashrifning asosiy maqsadi – Haydarobod shahrida faoliyat yuritayotgan ASCI tarkibidagi “Yer olish, ko‘chirish va tiklashni boshqarish markazi” (CMLARR) tajribasi bilan tanishish va shu asosda Markaziy Osiyoda shu kabi markaz tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif davomida quyidagi tadbirlar amalga oshirildi:

·         ASCI tarkibidagi CMLARR markazi tajribasi, o‘quv dasturlari va salohiyatni oshirish yondashuvlari bilan tanishildi;

·         Hindiston hukumati tomonidan moliyalashtirilgan infratuzilma loyihalari bo‘yicha yer olish va ko‘chirish amaliyotini o‘rganish maqsadida loyiha hududlariga tashrif buyurib, ko‘chirilgan aholining yashash joylari ko‘zdan kechirildi;

·         “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI)” Milliy tadqiqot universiteti huzurida shunga o‘xshash markazni tashkil etish bo‘yicha Jahon banki va CMLARR vakillaridan maslahat va tavsiyalar olinib, markazning samarali faoliyat yuritishi va tegishli o‘quv dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur o‘quv tashrifida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Jahon banki, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi vakillari ishtirok etishdi.

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) kabi Xalqaro moliyaviy institutlar (XMI) tomonidan moliyalashtirilayotgan ko‘plab infratuzilma va ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularning aksariyati yer olish, majburiy ko‘chirish, aholining tirikchilik manbaini tiklash kabi ijtimoiy xavf omillarini o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, mintaqada xalqaro talab va standartlarga javob bera oladigan malakali ijtimoiy himoya va ko‘chirish bo‘yicha mutaxassislar yetishmaydi.

Ushbu ehtiyojni inobatga olgan holda, Jahon banki ko‘magida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti huzurida “Markaziy Osiyoda Yer olish, ko‘chirish va tiklash bo‘yicha Yuksak malaka markazi”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu markaz mintaqadagi mutaxassislar malakasini oshirish, xalqaro moliyaviy institutlar talablariga muvofiq o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va sohaga ixtisoslashgan yangi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy HUB (markaz) vazifasini bajaradi.

Taklif etilayotgan markaz Jahon bankining Atrof-muhit va ijtimoiy doiraviy siyosati (ESF), OTBning Ijtimoiy xavfsizlik siyosati va boshqa XMI talablariga muvofiq ijtimoiy himoya bo’yicha mutaxassislarni tayyorlashga qaratiladi. Taklif etilayotgan markaz Loyiha ijro guruhlari, konsalting kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Markazning umumiy maqsadi – mintaqada yer olish, ko‘chirish va tiklash bilan bog‘liq jarayonlarni xalqaro standartlar asosida samarali boshqarish uchun zarur ijtimoiy salohiyatni mustahkamlashdan iboratdir.