Research Methodology kursi: yakuniy imtihonlar o‘tkazildi
17.05.2025

2025-yil 17-may kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida yosh olimlar va doktorantlar uchun tashkil etilgan “Research Methodology and Scientific Writing” o‘quv kursining yakuniy bosqichi doirasida imtihon sinovi va ishtirokchilarning hisobot taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur o‘quv kursi 2025-yil boshidan buyon universitetda ilmiy salohiyatni oshirish, ilmiy tadqiqotlarni zamonaviy metodologiya asosida yuritish, shuningdek, xalqaro talablar asosida ilmiy maqola yozish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida muntazam tashkil etilib kelmoqda. Darslar davomida tinglovchilarga ilmiy tadqiqot rejasi tuzish, metodologik yondashuvlar tanlash, ma’lumotlar tahlili, akademik yozuv me’yorlari, iqtiboslar bilan ishlash, plagiatni oldini olish va nufuzli jurnallarga maqola yuborish tartiblari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
17-may kuni o‘quv kursining yakuniy sinov bosqichi sifatida tinglovchilar imtihon topshirishdi va kurs davomida olgan bilimlari asosida ishlab chiqqan ilmiy-tadqiqot loyihalari yoki maqolalarining qisqacha tahliliy hisobotini taqdim etdilar. Ushbu taqdimotlar tinglovchilarning mavzuni o‘zlashtirish darajasini, mustaqil izlanish olib borish va ilmiy fikrni mantiqan ifodalash ko‘nikmalarini aniqlashda muhim mezon bo‘lib xizmat qildi.
Taqdimotlar universitet ilmiy kengashi vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy bo‘lim mutaxassislari tomonidan tinglandi va tegishli tahliliy xulosalar berildi. Ishtirokchilarga o‘z ilmiy faoliyatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mazkur o‘quv kursi "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida ilmiy kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ularni xalqaro ilmiy hamjamiyatga tayyorlash va innovatsion izlanishlar madaniyatini shakllantirish yo‘lidagi muhim ilmiy-amaliy tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etildi.