Ilmiy izlanishlar uchun imkoniyatlar: "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida amaliy seminar
16.05.2025

"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish manbalari va ilmiy nashrlarda chop etish mexanizmlariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi
2025-yil 16-may kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va nufuzli ilmiy nashrlarga integratsiyalashuvni rag‘batlantirish maqsadida navbatdagi amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilar, mustaqil tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar ishtirok etdi. Seminarning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ilmiy faoliyatni moliyalashtirishga oid ishonchli manbalarni aniqlash, ulardan samarali foydalanish mexanizmlarini tushuntirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, dunyo miqyosida tan olingan va minglab ilmiy grantlar, loyihalar, hamkorlik dasturlarini jamlagan Pivot-RP ma’lumotlar bazasidan bepul foydalanish imkoniyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ishtirokchilarga mazkur platformaning ro‘yxatdan o‘tish tartibi, grantlar tanlashda kalit so'zlar orqali qidirish tizimidan foydalanish, ariza tayyorlashda e’tibor qaratiladigan jihatlar haqida amaliy ko‘rsatmalar taqdim etildi.
Shuningdek, seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi ilmiy jurnallar, xususan, “Innovator” jurnali faoliyati, maqola qabul qilish tartibi, ilmiy maqolalarga qo‘yiladigan uslubiy va strukturaviy talablar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, maqolalarni tayyorlashda e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan mezonlar, mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqish (ekspertiza) bosqichi, tahririy jamoa bilan muloqot qilish yo‘llari hamda maqola nashrga qabul qilinishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar haqida tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir interaktiv shaklda tashkil etilib, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan dolzarb savollar yuzasidan ochiq muloqotlar olib borildi. Ilmiy maqola tayyorlash, xorijiy va milliy ilmiy nashrlarda chop etish bo‘yicha mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Mazkur seminar-trening "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida ilmiy salohiyatni yuksaltirish, yosh tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy maydonga olib chiqish va ilmiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan muhim ilmiy-amaliy tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etish mumkin.





