Taʼlimdagi islohot - taraqqiyotga hisobot

16.05.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

Har qaysi jamiyatning taraqqiyoti, avvalo, uning taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan chambarchas bogʻliq. Taʼlim — bu faqat bilim berish vositasi emas, balki insonni hayotga tayyorlovchi, jamiyatda munosib oʻrin egallashga yoʻl ochuvchi muhim institutdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-may kuni maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishida bir qator vazifa va topshiriqlar tilga olindi.

– Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sogʻlom va bilimli avlodga bogʻliq, – dedi Prezident soʻzining boshida. – Shu bois yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida sogʻlom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur.

Ochigʻini aytish kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda taʼlim sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda quyidagi yoʻnalishlar ustuvor ahamiyat kasb etayotgani eʼtiborga molik.

Birinchidan, o‘ʻquv dasturlarini yangilash va modernizatsiya qilish.  Taʼlim mazmuni zamonaviy talablarga moslashtirilmoqda. Ilmiy, innovatsion yondashuv va axborot texnologiyalaridan foydalanish kengaytirilmoqda.

Ikkinchidan, o‘ʻqituvchilar malakasini oshirish. Taʼlim sifati koʻp jihatdan oʻqituvchi salohiyatiga bogʻliq. Shu bois, oʻqituvchilar uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlari joriy etilmoqda.

Uchinchidan, Maktab va OTMlarda zamonaviy moddiy-texnika bazasi yaratilayotgani, raqamli taʼlim platformalari joriy etilayotgani muhim ahamiyatga ega.

Toʻrtinchidan, barcha bolalarga teng taʼlim olish imkonini yaratish — ijtimoiy adolat va inson huquqlari tamoyilining amaliy ifodasidir.  

       Beshinchidan, jahon tajribasini oʻrganish va tatbiq etish orqali taʼlim sifati yanada yaxshilanmoqda.

Yigʻilishda oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab taʼlimi uchun mablagʻ 7 karra oshirilgani, bu yil 60 trillion soʻm artilganlik, maktablarda 1 millionga yaqin, bogʻchalarda 1,5 million yangi oʻrin yaratilgani qayd etildi.

  Bogʻcha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab oʻqituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi oʻquv yilidan maktab direktorlari, oʻrinbosarlari va bogʻcha mudiralarining ish haqi 7-10 million soʻmdan oshishi taʼkidlandi.

Taʼlim dasturlari eng ilgʻor mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanayapti, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilayapti. Endi muallimlar yangi metodikalarni oʻzlashtirib, bolalarga yaxshi bilim berishi kerak. Buning uchun pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim sifatini oshirish zarur.

Mana, videoselektorda toʻxtalingan masalalardan yana biri: Yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, toʻgʻri tarbiyalash, zararli taʼsirlardan asrash ham dolzarb masalalardan

Avvalo, pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga eʼtibor qaratildi. Bu borada Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti va uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etildi. Nizomiy nomidagi oliygoh Milliy pedagogika universitetiga aylantirilib, uning rektori bir vaqtning oʻzida kadrlar tayyorlash boʻyicha vazir oʻrinbosari boʻldi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.

Xorijiy til sertifikatining borligi katta ahamiyatga ega. 20 nafar oʻqituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Kelgusi uch yilda barcha professor-oʻqituvchilar chet elda oʻqitiladi. “Top-100” talik universitetlarda malaka oshirish va taʼlim xizmatlarini olish toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida boʻladi.

Hududlardagi malaka oshirish markazlari faoliyati ham kengaytiriladi. Ulardagi professor-oʻqituvchilar AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyaning ilgʻor dasturlari asosida qayta tayyorlanadi. Shu bilan birga, oʻrta taʼlimdagi 17 ta fanning har biri boʻyicha alohida tayanch maktablari boʻladi. Tayanch maktab oʻqituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, oʻz yoʻnalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Keyin bu trenerlar oʻziga biriktirilgan hududda 25 nafar yetakchi oʻqituvchini oʻqitadi. Yetakchi oʻqituvchilar esa oʻz maktabidagi boshqa muallimlarning malakasini oshirib boradi.

Bugungi kunda xususiy oliygohlarga keng yoʻl ochilgan. Lekin ularda pedagogika yoʻnalishidagi talabalarning 70 foizi maktabgacha taʼlim, boshlangʻich taʼlim va filologiya boʻyicha oʻqiyapti. Birortasida kimyo, biologiya va fizika boʻyicha muallim tayyorlanmaydi. Vaholanki, maktablarimizda aniq va tabiiy fanlar boʻyicha oʻqituvchi yetishmaydi.

Shu bois, bundan buyon, xususiy oliygohlardagi pedagogik yoʻnalishlar davlat institutlari bilan bir xil boʻladi. Ulardagi pedagoglar va talabalar bilimi tashqi diagnostikadan oʻtkaziladi. Bu orqali nodavlat oliygohlarda pedagog tayyorlash sifati nazoratga olinadi.

Davlatimiz rahbari yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarda oʻqitish masalasiga alohida toʻxtaldi. Farzandlarimiz juda iqtidorli ekani, faqat ularni toʻgʻri yoʻnaltirib, maqsadli tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi boshlanadi, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etiladi. Unga 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, reytingi yuqori oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumtaʼlim maktablariga biriktiriladi. Bu maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming oʻquvchini seleksiya qilib, AQSHning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi “Pechak ligasi” oliygohlariga tayyorlaydi. Bilimsevarlikka poydevor qoʻyishda maktabgacha taʼlim juda muhim. Bugungi kunda yurtimizda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bogʻchalar faoliyat yuritmoqda. Olti yoshli bolalarning 96 foizi maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olingan. Keyingi yili bu raqam 100 foizga chiqadi. Bogʻcha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yoʻnalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga oʻrgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi.

Yigʻilishda oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish chora-tadbirlari ham belgilandi. Oʻquvchilar oʻrtasida turizmni rivojlantirish boʻyicha ham yangi tizim boʻladi. Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Samarqand, Buxoro va poytaxtdagi “Barkamol avlod” markazlarida kamida 100 oʻrinli “Bolalar sayyohlik bazasi” tashkil qilinadi. Har yili 1 million oʻquvchi uchun Oʻzbekiston boʻylab sayohatlar uyushtiriladi.

Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish – hammani oʻylantirayotgan muammo. Shu bois, Prezident qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. U mahalliy ijodkorlarga milliy kontentlar yaratish boʻyicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi.

Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, taʼlimdagi har bir islohot — bu kelajakka qilingan sarmoyadir. Bu islohotlar qay darajada samarali boʻlayotgani esa, mamlakat taraqqiyoti, fuqarolarning ongi va salohiyati orqali koʻzga tashlanadi. Demak, taʼlimdagi islohot — bu taraqqiyotning aynan oʻzi, shu bilan birga unga berilgan hisobot hamdir.

 

       RAHIMBOY JUMANIYOZOV

Professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi