Bitiruvchi talabalar uchun “Karyera kuni”
15.05.2025

Bugun
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari
instituti "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetida anʼanaviy
"Karyera kuni" tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur
tadbirda bitiruvchi talabalarning mehnat bozorida oʻz oʻrinlarini topishlarini
qoʻllab-quvvatlash, ularni ish beruvchi tashkilotlar bilan yaqindan
tanishtirish maqsad qilingan.
Tadbirda
mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 100 ga yaqin ish beruvchi hamkor
tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Ular orasida davlat va xususiy
korxonalar, agrosanoat majmualari, irrigatsiya va gidrotexnika sohasida
faoliyat yurituvchi kompaniyalar, loyiha institutlari va qator xalqaro
tashkilotlar ham bor edi.
Bugungi
kunda universitetni 1141 nafar bakalavr 472 nafar davlat granti, 678 nafar
toʻlov-kontrakt asosida hamda 75 nafar magistrlar 66 nafar davlat granti va 9
nafar toʻlov-kontrakt asosida bitirshmoqda. Shundan 294 nafar ayol- qizlarimiz
universitetni tamomlashmoqda.
Ish
beruvchi tashkilotlar oʻzlaridagi vakant (boʻsh) ish oʻrinlari haqida
talabalarga batafsil maʼlumot berdilar, shuningdek, tashkilotlarning faoliyat
yoʻnalishlari, ish sharoitlari, amaliyot dasturlari va mutaxassislarga boʻlgan
talablar haqida soʻz yuritildi. Talabalar uchun ushbu "Karyera
kuni" juda katta imkoniyat boʻldi.
Ular oʻzlari qiziqqan tashkilot vakillari bilan bevosita yuzma-yuz uchrashib,
savollar berish, oʻz rezyumelarini taqdim etish va hatto ishga qabul boʻyicha
dastlabki kelishuv va shartnomalarni imzolash imkoniga ega boʻldilar. Ayrim
talabalar tashkilotlar tomonidan suhbatga taklif etildi va ularning bir qismi
hatto oʻsha yerning oʻzida ishga qabul qilindi. Karyera kuni doirasida
talabalar uchun mutaxassislar bilan ochiq muloqotlar ham tashkil etildi. Tadbir
yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarga koʻra, Karyera
kuni nafaqat ish topishda, balki talabalarning kelgusidagi kasbiy yoʻnalishini
aniqlashda ham muhim ahamiyat kasb etdi.
“Karyera kuni”da bitiruvchi
talabalarning 308 nafari bilan tashkilotlar oʻrtasida shartnomalar tuzildi.
Universitetda hozirgi kungacha bitiruvchilarning 98% tashkilotlar bilan
shartnomalar tuzishgan.
"TIQXMMI" MTU rahbariyati mazkur tadbirni har yili muntazam
ravishda oʻtkazishni rejalashtirmoqda, chunki bunday formatdagi uchrashuvlar
talabalarning bilim va koʻnikmalarini amaliyot bilan bogʻlashda samarali
platforma hisoblanadi.
Universitet matbuot xizmati









