Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi xizmat safari muvaffaqiyatli yakunlandi
13.05.2025

TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti rektorining buyrug‘iga asosan, universitetning Elektr taminoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari kafedrasi mudiri Dilshod Qodirov va professor Obid Tursunov 2025 yil 26 apreldan 8 maygacha Amerika Qo‘shma Shtatlariga xizmat safari uyushtirishdi. Safar doirasida ular AQShning nufuzli oliy o‘quv yurtlari — jumladan, Garvard universiteti va Virjiniya Texnika universitetida bo‘lib, qator muhim uchrashuvlar va amaliy tadbirlarda ishtirok etishdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — xalqaro akademik aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or tajriba va bilimlarni o‘rganish, shuningdek, zamonaviy tahliliy yondashuvlar asosida o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Garvard universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida ta’lim va tadqiqot salohiyati, qo‘shma loyihalar imkoniyatlari, hamda uzoq muddatli hamkorlik yuzasidan samarali muzokaralar olib borildi. Shuningdek, birgalikda ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Virjiniya Texnika universitetida ham tashrif doirasida energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, barqaror rivojlanish va aqlli tizimlar kabi yo‘nalishlarda yetakchi mutaxassislar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ikki tomonlama fikr almashuv orqali kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilab olindi.
Safar jarayonida “Generation and application of renewable energy sources for the consumption of electric power in Uzbekistan” mavzusida ochiq ma’ruzalar ham tashkil qilindi. Bu seminarlar davomida O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish tajribasi, ularning milliy energetika tizimidagi o‘rni va samaradorligi haqida keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi.
Uchrashuvlar chog‘ida TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetining so‘nggi yillardagi yutuqlari, amalga oshirilayotgan loyihalar, xalqaro hamkorlik tashabbuslari va istiqbolli yo‘nalishlari haqida to‘liq axborot berildi. Ushbu chiqishlar AQShlik olim va ekspertlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, universitet faoliyati yuqori baholandi. Ayrim tashabbuslar bo‘yicha kelgusida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur xizmat safari TIQXMMIning xalqaro nufuzini yanada oshirish, yangi innovatsion tashabbuslarga yo‘l ochish va O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi ilmiy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi
Universitet matbuot xizmati





