Psixologik test orqali
08.05.2025

Jamiyatda tinch-totuv muhitni ta’minlash, yoshlarni har qanday zo‘ravon-likka qarshi tarbiyalash hamda empatik munosabatni shakllantirish — zamonaviy ta’limning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu maqsadda, 2025-yil 7-may kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Yer resurslari va kadastr” fakultetida talaba qizlar o‘rtasida psixolog D.Yusupova bilan birgalikda Zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan psixologik test o‘tkazildi.
Ushbu testning asosiy maqsadi talabalarning psixologik holatini baholash, zo‘ravonlikka moyillik darajasini aniqlash hamda ularni profilaktika yo‘li bilan tushuntirish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Test jarayonida talabalarga maxsus tuzilgan psixologik so‘rovnoma tarqatildi. Unda turli hayotiy vaziyatlarga nisbatan munosabati, stressga chidamliligi, o‘zini boshqarish qobiliyati, tajovuzkorlik darajasi va empatik salohiyati o‘rganildi. Shuningdek, psixolog tomonidan shaxsiy suhbatlar ham olib borildi.
Test natijalariga ko‘ra, talabalarining katta qismida zo‘ravonlikka qarshi qat’iy munosabat shakllangan bo‘lib, ularda muloqot madaniyati va bag‘rikenglik tuyg‘ulari yaxshi rivojlangani aniqlandi.
Bunday tadbirlar talabalarning faoliyat samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, sog‘lom ijtimoiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
O‘tkazilgan mazkur psixologik test talabalarning shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularning ruhiy barqarorligini ta’minlash hamda zo‘ravonlikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunday tadbirlar doimiy ravishda tashkil etilib, yoshlar ongida tinchlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
TIQXMMI MTU matbuot xizmati