Istiqbolli xodim - taraqqiyotga odim
06.05.2025

Bir paytlari “hamma narsani kadrlar
hal qiladi” degan shior boʻlardi. Bugun
ham u dolzarbdir. Lekin bugungi kadr kengqamrovli bilim, dunyoqarash va zamon
bilan hamnafas boʻlishi zarurligini davrning oʻzi talab etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may
kuni istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda
taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan
tanishganlari ham bejiz emas.
Шуни aytish
kerakki, hozirgi globallashuv, raqamlashtirish va bilim iqtisodiyoti sharoitida
kadrlar tayyorlashda anʼanaviy yondashuvlar yetarli emas. Yangicha yondashuvlar
bilim va koʻnikmalarning muvozanatli tarzda rivojlanishini taʼminlashga
yoʻnaltirilgan.
Kompetensiyaga asoslangan yondashuv
usul muhim. Bu usulda faqat nazariy bilim emas, balki amaliy, ijtimoiy, raqamli
va muloqot qobiliyatlariga eʼtibor qaratiladi.
“Biladi, biladi va qila oladi”
tamoyili asosida taʼlim beriladi. Taʼlim va mehnat bozori oʻrtasidagi
bogʻliqlik ham yuqoridagi maqsadga daxldordir.
Oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar markazlari ishlab chiqarish
korxonalari bilan hamkorlik qiladi. Muvofiqlashtirilgan oʻquv dasturlari orqali
bitiruvchi mutaxassis tayyor holda mehnat bozoriga kirib keladi.
Innovatsion pedagogik texnologiyalar
orqali integral bilim berish. Masofaviy va gibrid taʼlim tizimlarining joriy
etilishi. Yosh kadrlar tajribali mutaxassislar rahbarligida rivojlanadi.
Mentorlik faqat taʼlimda emas, balki shaxsiy oʻsishda ham muhim ahamiyatga ega.
Taʼlim hamma uchun ochiq va teng
imkoniyatlar asosida tashkil etiladi.
Muloqot, jamoaviy ish va
multidissiplinar yondashuvlar orqali talabalar faol tarbiyalanadi.
Yuqorida qayd etilgan fikrlar
istiqbolli kadrlarni tayyorlash masalasiga bevosita daxldor.
Shuning uchun ham mamlakatimizda har
bir sohani rivojlantirishda kadrlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yoshlarning oʻqishi, mutaxassislarning tajriba oshirishi davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Shu maqsadda “El-yurt umidi”
jamgʻarmasi tomonidan 2 ming 225 nafar stipendiatlar 45 ga yaqin davlatga
oʻqishga yuborilib, byudjetdan jami 1,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Hozirgacha
ularning 1 ming 400 nafari Oʻzbekistonga qaytib, iqtisodiyot tarmoqlarida,
taʼlim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvida ishlamoqda. Bugungi kunda 748
nafar stipendiatlar “TOP-300” talikdagi nufuzli universitetlarda taʼlim
olayapti.
Endi bunday ishlar koʻlamini yanada
kengaytirish maqsadida mazkur fondni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi
etib, Davlat boshqaruvi akademiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etish
koʻzda tutilmoqda. Ular Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birga
kadrlar tayyorlash klasteriga aylantiriladi.
Prezidentimiz uchrashuv chogʻida
taqdimot bilan tanisharkan, quyidagi maʼlumotlar ham eʼtirof etildi.
Jumladan, istiqbolli mutaxassislarni
xorijda tayyorlash boʻyicha bakalavriat, magistratura va doktorantura bilan bir
qatorda davlat xizmatchilari olti oygacha maqsadli stajirovkaga yuboriladi.
Bunda energetika, urbanizatsiya, transport, arxitektura, geodeziya, yer
munosabatlari, texnika, muhandislik kabi iqtisodiyotning drayver sohalariga,
davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yoʻnalishlarga ustuvorlik beriladi.
Shuningdek, Xalqaro reytinglarda
“TOP-100” talik universitetlarga grant asosida oʻqishga kirgan nomzodlarga
“El-yurt umidi” stipendiyasi imtihonlarsiz ajratilishi eʼtirof etildi.
“TOP-300” talikda boʻlgan universitetlarga grantga kirganlarga xalqaro
transport va turar joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi. “TOP-20”
talikdagi universitetlar bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan
Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.
Xorijda oʻqiyotgan yurtdoshlarimiz
bilan doimiy muloqotda boʻlish, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda
taʼlim-tarbiya jarayonlarida yordamlashish maqsadida “El-yurt umidi”
jamgʻarmasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tuziladi. Elchixona va
konsulliklarga talabalarga huquqiy va tashkiliy koʻmak koʻrsatish vazifalari
yuklatiladi.
Zamon talablariga mos mutaxassislar
tayyorlashda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining ham oʻrni katta. U
yerda “Hokimlar maktabi”, “Rahbar ayollar maktabi”, “Kelajak liderlari” kabi
kurslarda ilgʻor taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan oʻquv yilida 13
mingdan ziyod tinglovchilarning malakasi oshirilgan.
Yangi tizimga asosan, endi davlat
xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va
magistratura yoʻlga qoʻyiladi. Barcha uzoq va oʻrta muddatli oʻquvlar xorijiy
hamkorlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va
taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil etiladi.
Magistraturada “Davlat boshqaruvi”,
“Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini
rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yoʻnalishlarida 18 oygacha
muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari
toʻlov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.
Akademiyada taʼlim dasturlari va
ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy
ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish uchun Xalqaro akademik
maslahat kengashi tuziladi.
Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta
yangi markaz tashkil etilmoqda. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini
ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish,
xususiy sektordagi ilgʻor amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga
qaratilgan tavsiyalar berib boradi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab,
bu tizimlarni yangicha yondashuvlar asosida joriy qilish, jamgʻarma va
akademiya xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Iqtidorli yoshlarni doimiy izlab topish va
yuqori darajada oʻqitish, malakali mutaxassislarni islohotlarga jalb qilish
muhimligi taʼkidlandi.
Ushbu tadbirdan kelib chiqqan
holda, istiqbolli kadrlarni
tayyorlashning ahamiyati va zarurligi haqida ushbu mulohazalarni qayd etish
oʻrinlidir.
Har qanday mamlakatning iqtisodiy,
ijtimoiy va maʼnaviy rivoji, avvalo, malakali, innovatsion fikrlay oladigan
mutaxassislarga bogʻliq.
Yangi texnologiyalarni oʻzlashtira
oladigan, muammo yecha oladigan va oʻzgaruvchan sharoitlarga moslasha oladigan
kadrlar jamiyat rivojini jadallashtiradi.
Global mehnat bozorida ish topish
uchun mutaxassis nafaqat bilim, balki amaliyot va zamonaviy koʻnikmalarga ham
ega boʻlishi zarur.
Bugungi kunda talab yuqori boʻlgan
kasblar tez-tez yangilanadi. Shunday sharoitda doimiy oʻzgarishga tayyor,
fleksibil kadrlar kerak.
Ilmiy izlanishlar, raqamli
texnologiyalar, sunʼiy intellekt va boshqa sohalarda yuqori salohiyatli kadrlar
yetishmasligi barcha mamlakatlarda muhim muammo sanaladi.
Istiqbolli kadrlar tayyorlanmasa,
zamonaviy ish oʻrinlari boshqa mamlakat mutaxassislari tomonidan egallanishi
mumkin.
Tashqi mutaxassislarga bogʻliqlikni
kamaytirish va oʻz ichki resurslarimizni rivojlantirishda milliy kadrlar
salohiyati hal qiluvchi omildir.
Maxsus dasturlar, grantlar va
stipendiyalar orqali iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash milliy istiqbol
uchun zarurdir.
Tabiiy resurslar emas, aynan inson
kapitali har qanday mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi.
Taʼlim, sogʻliqni saqlash, kasbiy
rivojlanish kabi sohalarga investitsiya qilish orqali inson kapitaliga sarmoya
kiritiladi.
Xullas, kelajak, barcha sohalarning
rivoji istiqbolli kadrlar bilan chambarchas bogʻliq.
RAHIMBOY
JUMANIYOZOV
Professor,
Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi