Abdulla Oripov xonadoniga tashrif
06.05.2025

Mamlakatimiz ma’naviy hayotida o‘chmas iz qoldirgan buyuk shaxslarimizni yodga olish, ularning boy ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, 2025-yil 5-may kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Yer resurslari va kadastr” fakultetining professor-o‘qituvchilari va faol talabalari (Z.Xafizova, O‘.Muxtorov, O‘.Islomov va talaba qizlar) O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning xonadoniga tashrif buyurdilar.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yurt sevgisi, vatanparvarlik, xalqparvarlik va adabiyotga sadoqat ruhini yoshlar qalbiga singdirish, ustoz shoirning boy adabiy merosini yanada yaqindan o‘rganish edi.
Tashrif davomida talabalar va ustozlar shoir yashagan xonadon bilan yaqindan tanishishdi, u kishining shaxsiy kutubxonasi, qo‘lyozmalari va hayot yo‘liga oid turli eksponatlarni ko‘zdan kechirishdi. Shuningdek, shoirning hayotiy falsafasi, ijodi va vatanga bo‘lgan sadoqati haqida qiziqarli suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Abdulla Oripovning farzandlari tashrif buyurgan mehmonlarga samimiy munosabat ko‘rsatishdi va mehmonlarni oilaviy tarixlar, xotiralar bilan tanishtirishdi.
Tadbir davomida talabalar shoirning yuraklardan joy olgan she’rlaridan parchalar o‘qib berishdi, uning qalamiga mansub badiiy satrlar yuraklarga ta’sir etdi. Professor-o‘qituvchilar esa Abdulla Oripov ijodining adabiy va falsafiy jihatlari haqida fikr yuritishdi.
Bu tashrif talabalar uchun katta ma’naviy saboq, yurt tarixi va adabiyotiga bo‘lgan mehrni yanada mustahkamlovchi muhim tajriba bo‘ldi. Shu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarni tarbiyalashda, ularda milliy g‘urur va ma’naviy qadriyatlarga ehtiromni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“TIQXMMI” MTU Matbuot xizmati