Baxshichilik an’anasi - totuvlikning tantanasi
28.04.2025

Xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarini, xususan doston va termalarni tildan tilga, dildan dilga, eldan elga, og‘izdan og‘izga o‘tishida baxshilarning alohida o‘rni bor. Baxshi san’atkor naqshi deyilishi bejiz emas.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va tashkilotchiligi bilan baxshichilik an’analarini yangicha yo‘nalishlarda davom ettirish boshlangani va shu xususda maxsus qaror e’lon qilganlari yodimizda.
Xuddi shu yo‘nalishda davom etayotgan IV Xalqaro Baxshichilik San’ati Festivali ham kuni kecha yuqori tarzda boshlandi. Xuddi shu tantana munosabati bilan festival ishtirokchilariga prezidentimiz tabrigi o‘qib eshittirildi.
O‘zbekistonda milliy madaniyat, badiiy meros va xalq ijodiyotini asrab-avaylash, rivojlantirish va xalqaro darajada targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ana shu muhim sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida baxshichilik san’atini xalqimizning ma’naviy dunyosi, tarixiy xotirasi va milliy o‘zligining ifodasi sifatida alohida e’tirof etdi.
Ma’lumki, baxshichilik san’ati asrlar davomida xalqimizning o‘tmish va bugunni o‘zaro bog‘lovchi ma’naviy ko‘prigidir. Ushbu betakror san’at turi xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini, erkinlik va adolat uchun kurashini, olamshumul insonparvarlik g‘oyalarini yorqin aks ettiradi. Shu ma’noda, baxshilar ijodi nafaqat milliy madaniyatimizning qimmatli xazinasi, balki butun insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shilgan ulkan hissadir.
Ochiq osmon ostidagi betakror muzey shahar – qadimiy Xivada o‘tkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali barchada quvonch va iliq taassurot uyg‘otdi.
Prezidentimiz tabrigida ushbu mulohalar qayd etildi. “Bugungi san’at bayramida ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar va qardosh mamlakatlar vakillariga, dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan kelgan xalq ijodiyoti namoyandalari, atoqli madaniyat va san’at arboblariga samimiy tashakkurim, yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman. Xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgan mazkur anjuman bu yil ko‘hna Sharq gavhari – betakror Xorazm diyorida o‘tkazilayotgani unga alohida ruh va mazmun bag‘ishlamoqda. Bu o‘lkaning dostonchilik maktabi g‘oyat qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, “Lazgi” kabi dunyoga mashhur mumtoz kuy-qo‘shiqlari, go‘zal raqslari aynan ana shu azim daryodan oziqlanib kelmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.”
Muhtaram Prezidentimiz festivalning xalqaro miqyosda o‘tkazilayotganini yuqori baholab, dunyo xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda bunday tadbirlarning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. Prezidentning fikricha, baxshichilik san’ati insoniylik, bag‘rikenglik va tinchlikka da’vat etadigan noyob ma’naviy boylikdir va uning xalqaro darajada yanada keng targ‘ib etilishi zamonaviy global muammolarga munosib ma’naviy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Baxshichilik an’analarini asrash va rivojlantirish, yosh avlod orasida ushbu san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirish asosiy maqsadlardandir.
Festival ishtirokchilari va mehmonlari davlat rahbarining ana shunday samimiy tabrigi va e’tiboridan katta ruhiy ko‘tarinkilik va ilhom oldilar.
Shuningdek, tabrikda O‘zbekiston xalq baxshilari “Bola baxshi” – Qurbonnazar Abdullayev, “Qalandar baxshi” – Ro‘zimboy Normatov, Abdulla Qurbonnazarov, Yetmishboy Abdullayev kabi yorqin ovoz va iste’dod sohiblari tomonidan yuksak pardalarda kuylangan “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Alpomish” va “Xirmondali” kabi xalq dostonlari milliy madaniyatimizning o‘lmas durdonalari sifatida ma’naviyatimiz xazinasidan mustahkam joy egallagani e’tirof etildi.
Tabrik davomidagi ushbu mulohazalar ham hech kimni befarq qoldirmadi. “Festival kunlarida sizlar san’atni chin dildan sevadigan mehmondo‘st, bag‘rikeng xalqimiz bilan samimiy muloqotlar o‘tkazib, yurtimizning boy tarixi, madaniyati va bezavol qadriyatlari, tabarruk maskanlari, Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot yutuqlari, jumladan, baxshichilik san’atini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, yorqin taassurotlarga ega bo‘lasiz, deb ishonaman.”
Tadbir davomida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan baxshi va hofizlar o‘z ijrolari orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro hurmat g‘oyalarini targ‘ib etdilar.
IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali nafaqat baxshichilik an’analarining tirikligini, balki uning zamon bilan hamnafas rivojlanayotganini yana bir bor namoyon etdi. Prezidentimiz tabrigi esa, o‘z navbatida, xalq ijodiyotining noyob namunalariga bo‘lgan yuqori e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi bo‘ldi. Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish o‘rinliki, baxshichilik an’anasi-totuvlik tantanasi ekani tadbirda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Rahimboy Jumaniyozov “TIQXMMI” MTU professori
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi