Ziyoratning ziyobaxsh zavqi
23.04.2025

Teran tomirlari tutash, taqdiri va tarixi oʻxshash boʻlgan oʻzbek va turkman xalqlarining doʻstligi — asrlar davomida shakllangan, tarixiy, madaniy, til va diniy yaqinlikka asoslangan mustahkam qardoshlikdir. Bu doʻstlik nafaqat joʻgʻrofiy yaqinlik, balki umumiy tarix, urf-odatlar, xalq ogʻzaki ijodi va anʼanalar orqali mustahkamlanib kelmoqda. Oʻzbek va turkman xalqlari ilk davrlardanoq bir hududda yashab kelgan. Ular Ipak yoʻli boʻylab savdo-sotiq, madaniy almashinuv, siyosiy va iqtisodiy hamkorlik qilib, oʻzaro taʼsir koʻrsatgan. Amir Temur va uning davrida ham ikki xalq oʻrtasida mustahkam aloqalar boʻlgan. Ikki xalqning folklorida oʻxshash qahramonlar — Alpomish, Goʻroʻgʻli kabi obrazlar mavjud. Turmush tarzi, milliy liboslar, xalq kuy-qoʻshiqlari va bayramlar oʻrtasida katta oʻxshashlik bor. Bundan tashqari, har ikki xalq ham islom dinini eʼtiqod qiladi, bu esa maʼnaviy yaqinlikni yanada kuchaytiradi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida doʻstona munosabatlar davlatlararo
darajada ham rivojlanmoqda. Ikki mamlakat rahbarlari muntazam ravishda
uchrashib, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga
intilishmoqda. Chegaraboshi hududlarda oʻtkaziladigan doʻstlik festivallari,
turli madaniy tadbirlar ikki xalq oʻrtasidagi birodarlik rishtalarini yanada
mustahkamlamoqda.Turkman va oʻzbek xalqlari doʻstligi — asrlar sinovidan
oʻtgan, kelgusida ham avlodlar uchun doʻstlik, hamjihatlik va tinchlik namunasi
boʻlib qoladigan buyuk qadriyatdir.
Ana shu anʼanalarning barqarorligining ramzi sifatida Turkman xalqining
milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov
23 aprel kuni tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari
bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni
davlatimiz rahbari kutib oldi. Tashrif dasturiga muvofiq, ikki tomonlama
uchrashuv oʻtkazish va madaniy tadbirlarda birgalikda ishtirok etish koʻzda
tutilgan.
Samarqand shahridagi tadbirlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi,
Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov birgalikda Hazrati
Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat
koʻrsatdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining
milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov
birgalikda “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar”
tarixiy-etnografik bogʻi hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok
etdilar. Oliy martabali mehmon xalqimizning boy madaniy merosini aks ettiruvchi
koʻrgazmalar, hunarmandchilik va amaliy sanʼat namunalari bilan tanishdi. Raqs
jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur namoyish etildi.
Ziyobaxsh insonlarning ziyorati zamirida ham ezgulik va elparvarlik mavjud.
Bu zavq har ikkala millat yetakchisiga zavqli onlarni baxsh etdi desak boʻladi.
Bugungi globallashuv zamonida qardosh xalqlarning doʻstligi va inoqligi tinchlikka tayanchdir. Davlatimiz rahbarining dunyoning oliy minbarlardagi nutqi, xorijiy davlatlarga safarlaridagi muhim maqsad ham butun dunyoga tinchlik gʻoyasidir.
Rahimboy JUMANIYOZOV
“TIQXMMI” MTU professori,
Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari
aʼzosi