“Green World 2025” ekofestivali doirasida o‘tkazilgan “Taktik urbanizm-2025” yoshlar forumida universitetimiz talabalari faol ishtirok etdi

20.04.2025

#Yangilik

2025-yil 18−20-aprel kunlari Toshkent shahrida III Xalqaro landshaft san’ati ekofestivali — Green World 2025 o‘tkazildi. Ushbu festival ekologik madaniyatni oshirish, barqaror shahar muhitini rivojlantirish va landshaft dizayni sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.


Festival doirasida, 19-aprel kuni, “Taktik urbanizm-2025” yoshlar forumi Toshkent shahridagi Puchon universitetida bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumda Markaziy Osiyoning 18 ta yetakchi universiteti talabalari ishtirok etdi. Ular shahar maydonlarini ekologik va estetik jihatdan rivojlantirishga qaratilgan kreativ landshaft va urbanistik loyihalarni taqdim etdilar.


Faxr bilan aytish mumkin, forumda universitetimiz nomidan “Yashil Yurak” ekologik jamiyatining faol a’zolari ikki komanda tarkibida munosib ishtirok etdilar. Ular o‘z loyihalarida yashil makonlardan samarali foydalanish, ekologik infratuzilmani rivojlantirish hamda urbanistik muhitda barqarorlik va qulaylikni ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratdilar.


Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Armaniston hamda Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan landshaft dizayni va ekologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etib, yoshlarga o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, loyihalar bo‘yicha maslahatlar berdilar va istiqbolli g‘oyalarni yuqori baholadilar.


Ushbu forum nafaqat talabalarning ilmiy-amaliy salohiyatini ochib berdi, balki ularning ekologik fikrlash, kreativ yondashuv va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini ham mustahkamladi. Universitetimiz talabalari o‘z faolligi, tashabbuskorligi va innovatsion g‘oyalari bilan forum ishtirokchilari orasida alohida e’tirofga sazovor bo‘lishdi.

Ushbu forumda qatnashishda tashkiliy ishlarda ko‘mak bergan 'Ekologiya va huquq' dekani Pirimov Xabibulla hamda 'Iqtisodiyot' dekani Alimov Uchqunga alohida minnatdorchiligimizni bildiramiz.


Kelgusi tashabbuslarimiz haqida qo‘shimcha ma'lumot berish va jamiyatimiz faoliyatiga qo‘shilish uchun biz bilan bog‘laning!


📅 Tafsilotlar va yangiliklar uchun:

🌍 t.me/yashil_yurak_jamiyati_UZ 

📧 Bog‘lanish: @ZulfiyaKannazarova


"Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalari" kafedrasi assistenti Zulfiya Kannazarova