Birdamlik va bagʻrikenglik bayrami

30.03.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari #Yangilik

Davlatimiz rahbarining xalqimizga Ramazon hayiti tabrigida shunday fikrlarni oʻqiymiz:  “Tub mohiyatida insonparvarlik gʻoyasi mujassam boʻlgan muqaddas islom dinining ezgu qadriyatlari bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga naqadar uygʻun va hamohang ekani Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.”

Darhaqiqat, dinimiz oʻzining insonparvarligi, gumanistik mohiyati bilan alohida ajralib turadi. Ushbu muborak oyning “Ramazon – saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi” degan gʻoya asosida oʻtkazilgani ham fikrimizning dalilidir.

Mazkur oy jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilgani shubhasizdir.

Ramazon oyi – musulmonlar uchun muqaddas oy boʻlib, u nafaqat roʻza tutish, balki saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik kabi insoniy qadriyatlarni targʻib qiladi.

Unda gʻoyada oʻz ifodasini topgan uchta tushuncha zamirida katta maʼno bor.  Ramazon oyida saxovat va himmat muhim oʻrin tutadi. Bu oyda ehson qilish, muhtojlarga yordam berish, xayr-ehson ishlarida faol boʻlish musulmonlarning asosiy fazilatlaridan biri hisoblanadi. Zakot, fitr sadaqasi va boshqa saxovatli amallar jamiyatda ijtimoiy tenglikni taʼminlashga yordam beradi.

Ramazon – jamoaviy ibodatlar va islomiy hamjamiyatning birdamligini mustahkamlaydigan oy. Roʻza musulmonlarni nafaqat shaxsiy tarbiya, balki bir-birini tushunish va qoʻllab-quvvatlashga oʻrgatadi. Iftor va taroveh namozlarida jamoa holatida yigʻilish, oila aʼzolari va doʻstlar bilan birga ibodat qilish birdamlikni kuchaytiradi.

Bu oy insonlarni sabr-toqatli, mehribon va bagʻrikeng boʻlishga oʻrgatadi. Roʻza insonni nafaqat taom va ichimlikdan, balki yomon gap-soʻz, gʻiybat, gʻazab va adovatdan ham tiyilishga chaqirib, boshqalarga nisbatan bagʻrikeng va yaxshilikka moyil boʻlishga undaydi.

Shunday qilib, Ramazon oyi – bu nafaqat roʻza tutish, balki insonning maʼnaviy va ijtimoiy yuksalishi, saxovatli boʻlishi, jamiyat bilan birdamlikda harakat qilishi va bagʻrikenglik ruhida yashashi uchun bir ulkan imkoniyatdir.

Ana shu bois ushbu muborak oyda kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalar, keksa, nogiron va yolgʻiz insonlar holidan xabar olish, kambagʻal kishilarning ogʻirini yengil qilish, uylar va mahallalarni obod etish, uch avlod vakillari ishtirokida ommaviy daraxt ekish, yangi bogʻu rogʻlar barpo etish boʻyicha koʻplab xayriya tadbirlari oʻtkazildi.

Shuningdek,  tabrik nutqida “yaxshi anʼanaga aylangan bunday marosimlar inson qadrini ulugʻlash, mehnatkash va olijanob xalqimizni yagona, ahil oila sifatida birlashtirish borasida beqiyos ahamiyatga ega boʻlib, biz bu ishlarni bundan buyon ham albatta davom ettiramiz.”-dedi Prezident.

Islom – bu avvalo, odamiylik, ilm-fan, bilim va maʼrifat, ezgu fazilatlarni ulugʻlash taʼlimoti ekan uqtirildi.

Tabrik yoʻsinida mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi va madaniyati asosida yaratilgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni toʻplash, oʻrganish va keng targʻib etishga qilishga eʼtibor berilatgani,  shu maqsadda yurtimizda yangi-yangi ilmiy-maʼrifiy markazlar, diniy yoʻnalishdagi taʼlim maskanlari, qutlugʻ ziyoratgohlar barpo etilib, samarali faoliyat olib borayotgani eʼtirof etildi. 

Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, Prezidentimizning tabrik nutqlarida oʻz xalqining yaratuvchanlik qudratiga ishonch va uning farovon hayotiga masʼullik va mehru sadoqat hissi ufurib turdi.

Ushbu muborak kunlarda yurtimizga tinchlik, xonadonlarimizga fayzu baraka, qalblarimizga shodlik va xotirjamlik nasib etsin! Ramazon oyining fayzi va barakasi hamisha biz bilan boʻlsin. Barchaga baxt, sogʻlik, oilaviy baxt va mustahkam tinchlik tilab qolamiz! Davlatimiz rahbarining olib borayotgan siyosat va islohotlariga sadoqat tuygʻusi, Yangi Oʻzbekiston bayrogʻi ostida birlashish va bunyodkorlik,  yaratuvchanlik hissi hamisha hamrohimiz boʻlsin. 

            Rahimboy JUMANIYOZOV

Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi