TUTASH TOMIRLAR - TUTASH TAQDIRLAR

29.03.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

         Teran tomirlari tarixan tutash xalqlarning taqdiri va maqsadlarida ham mushtaraklik boʻladi. Yon qoʻshni jon qoʻshni deganlari bejiz emas. Bir-biridan hol-ahvol soʻrash, yutuqlaridan quvonish, tajriba almashish oradagi mehr tuygʻusini, oʻzaro hamkorlikni kuchaytiradi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlarining azaliy va abadiy doʻstligi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevlarning 29 mart kuni Olmaota shahrida oʻtkazilgan norasmiy uchrashuvi ham istiqbolli hamkorlikka yoʻl ochishi tayin.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish eʼtibor markazida boʻldi.

Yodingizda boʻlsa, oʻtgan yilning aprel oyi boshida Oʻzbekiston va Qozogʻiston yetakchilarining shunday ikki tomonlama uchrashuvi Xiva shahrida boʻlib oʻtgan edi.

Bu gal ham ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari quyidagi asosiy sohalarni oʻz ichiga oladi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik.  Ikki davlat oʻrtasida savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu borada erkin savdo zonalarini yaratish va bojxona tartiblarini yengillashtirish orqali tovar aylanmasini oshirish muhim.

Shuningdek,  mashinasozlik, avtomobilsozlik, toʻqimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qoʻshma korxonalarni tashkil etish,  elektron sanoat va yuqori texnologiyalar sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish ham eʼtiborga molik.

Ayni paytda Qozogʻistondan Oʻzbekistonga gaz va neft mahsulotlarini yetkazib berishni rivojlantirish,  qayta tiklanadigan energiya manbalari (quyosh va shamol energetikasi) boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish ham dolzarb masaladir.

Transport va logistika masalasi,  transkaspiy transport yoʻlagi orqali xalqaro yuk tashish tizimini rivojlantirish. Oʻzbekiston – Qozogʻiston – Rossiya – Yevropa yoʻnalishida yangi transport marshrutlarini ishga tushirish. Chegaradagi logistika markazlari va temir yoʻl infratuzilmasini yaxshilash muhim masalalardan boʻlgani kabi madaniy-gumanitar hamkorlik ham shu darajada ahamiyatli.

Xuddi shuningdek, ikki davlat universitetlari oʻrtasidagi taʼlim almashinuvi dasturlarini rivojlantirish ham katta ahamiyat kasb etadi.

Bu kabi yoʻnalishlar ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilish aniq.

Bu galgi uchrashuvda ham Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 14 foizga oshdi, umumiy qiymati 4 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi, yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanmoqda.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston Bosh vazirlari oʻrinbosarlarining oʻzaro savdoni koʻpaytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, neft-gaz, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini tingladilar.

Qozogʻiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Alem.ai” sunʼiy intellekt markazining taqdimotida Prezidentimizning ishtiroki ham alohida ahamiyat kasb etdi. Alem.ai - sunʼiy intellekt sohasida mutaxassislarni oʻqitish, startaplarni ishga tushirish va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun platforma. Yetakchilar Markaziy Osiyodagi eng yirik texnoparklar birlashmasi - “Central Asian Innovation Hubs” (“Astana Hub” va “IT Park Uzbekistan”) faoliyati bilan ham tanishdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmaota shahriga tashrifning madaniy dasturi doirasida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan birgalikda Abilxon Kasteyev nomidagi Milliy sanʼat muzeyiga tashrif buyurgani ham zavqli boʻldi.

Xalq rassomlari – qozoq tasviriy sanʼati asoschisi Abilxon Kasteyev va oʻzbek rangtasvir ustasi Oʻrol Tansiqboyev asarlari tomosha qilindi. Shuni aytish oʻrinliki, koʻrgazma Oʻzbekiston va Qozogʻiston boy badiiy merosining yorqin ifodasi, ikki qardosh xalq oʻrtasidagi mustahkam madaniy aloqalarning ramzi boʻldi.

Xullas,  teran tomirlari tutash boʻlgan xalqlarning birligi doʻstlikka, doʻstligi hamkorlikka, hamkorlik hamjihatlikdagi mushtarak maqsadlar sari zamin hozirlaydi.

 

            Rahimboy JUMANIYOZOV

     “TIQXMMI” MTU professori,

Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi