Iqtidorli yoshlar-mamlakat istiqboli
28.03.2025

Har qanday millatning kelajagi va taraqqiyotini belgilaydigan eng muhim omillardan biri bu iqtidorli yoshlardir. Ularning bilim va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, innovatsiya va ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanishlariga imkon yaratish nafaqat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga, balki jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga ham xizmat qiladi.
Har bir davlatning taraqqiyoti ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalarga bog‘liq. Iqtidorli yoshlarni aniqlab, yangi ixtirolar va texnologiyalarni rivojlantirishga, milliy iqtisodiyotga yangi biznes va startaplarni jalb qilish ham istiqbolli masalalardandir.
Bu esa jahon bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga yordam beradi. Bu esa o‘z-o‘zidan ta’lim sifatini oshirish masalasiga borib bog‘lanadi. Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ta’lim tizimiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday yoshlar uchun maxsus ta’lim dasturlari, xalqaro o‘quv jarayonlari, stipendiya va grantlar yaratilishi boshqa o‘quvchilarga ham ijobiy ta’sir qiladi, ularni ham yuqori natijalarga intilishga undaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27 mart kuni iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishishlari zamirida ham ana shu maqsad bor. Chunki jamiyatda ilg‘or tafakkur va yetakchilikni rivojlantirish katta imkoniyatlar eshigini ochishi muqarrardir. Iqtidorli yoshlar ko‘pincha jamiyatda yetakchi, tashabbuskor va islohotchilar sifatida namoyon bo‘ladi. Ularning qo‘llab-quvvatlanishi yangi g‘oya va tashabbuslarning jamiyatga kirib kelishini, intellektual muhitning shakllanishini, qolaversa, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni ta’minlaydi.
Taqdimotda uchta jihatga e’tibor qaratildi. Bular xalqaro maktab tashkil etish, “Pechak ligasi” universitetlariga tayyorgarlik hamda “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuzishdir.
Bu borada qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani sir emas. Taqdimotda ta’kidlanganidek, 14 ta Prezident maktabi, 185 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabi tashkil etildi. Ulardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida ham joriy etildi. Iqtidorli bitiruvchilar uchun “Yangi O‘zbekiston” universiteti ochildi. Bu yaxshi, lekin bu bilan kifoyalanib qolmasdan, sifat va samara masalasiga diqqat qilish zarurati uqtirildi.
Menga ma’qul bo‘lgani xalqaro maktablar tashkil qilish bilan birga “Pechak ligasi” universitetlariga tayyorgarlik masalasi bo‘ldi.
Shu haqda muxtasar ma’lumot. “Pechak ligasi” (The Ivy League) – AQSHdagi eng nufuzli va qadimiy universitetlar guruhi bo‘lib, ular ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar va katta moliyaviy resurslari bilan ajralib turadi. Ushbu ligaga quyidagi sakkizta universitet kiradi:
- Harvard University (Garvard universiteti)
- Yale University (Yel universiteti)
- Princeton University (Prinston universiteti)
- Columbia University (Kolumbiya universiteti)
- University of Pennsylvania (Pensilvaniya universiteti)
- Dartmouth College (Dartmut kolleji)
- Brown University (Braun universiteti)
- Cornell University (Kornell universiteti)
Bu universitetlarda yuqori darajadagi ta’lim beriladi. Ular dunyoning eng kuchli professori va tadqiqotchilari bilan tanilgan. Ta’sirchan tarmoq – Ushbu oliygohlar bitiruvchilari orasida AQSH prezidentlari, Nobel mukofoti sohiblari, biznesmenlar va siyosatchilar juda ko‘p. Kuchli tadqiqot imkoniyatlari – Bu universitetlarda ilmiy laboratoriyalar, tadqiqot markazlari va innovatsion loyihalarga katta mablag‘ ajratiladi. Global nufuz – “Pechak ligasi” universitetlari xalqaro miqyosda eng nufuzli ta’lim dargohlari hisoblanadi. Bu universitetlarga o‘qishga kirish juda qiyin, chunki tanlab olish jarayoni ancha qattiq va o‘quvchilardan yuqori akademik ko‘rsatkichlar, ijtimoiy faollik va yetakchilik qobiliyati talab qilinadi.
Demak, keltirilgan ushbu ma’lumotga qaraganda, biz yoshlarimizni qanday tarzda tayyorlashimiz va shunga munosib bo‘lishimizni taqozo etadi.
Buning uchun 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinishi ta’kidlandi. Rejaga muvofiq bu yil dastlab 3 ming nafar o‘quvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi. Zo‘r taklif va ko‘rsatma bu.
Bular – yoshlarimizning jahon darajasida bilim olishi uchun zamin. Endi ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, dunyodagi eng ilg‘or universitetlarda o‘qishiga ko‘maklashish zarurligi alohida qayd etildi. O‘tgan oyda yoshlar bilan uchrashuvda Prezidentimiz shu borada qator tashabbuslarni ilgari surgan edi. Taqdimotda buning amaliy va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Xususan, shu maqsadda joriy yil sentyabrdan xalqaro maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar o‘g‘il-qiz saralab olinadi. Ta’lim dasturi xalqaro andoza asosida 3 qismdan – asosiy fanlar, ixtisoslik fanlari, yetakchilik va ijtimoiy faollikni o‘rgatuvchi fanlardan iborat bo‘ladi. O‘quv yili 3 davrga bo‘linib, 11 oy davom etadi.
Keyingi muhim masala sifatida chet elda o‘qigan yoshlarni vatanimizda o‘z sohasi bo‘yicha munosib ish bilan ta’minlash bo‘ldi. Bu borada “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuzish taklif etildi. U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi. Xorijda ta’lim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Har yili 25 mayda hamjamiyat qurultoyi o‘tkazilib, unda ta’lim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Bunga ishonch va imkoniyat bor. Birgina misol. Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 750 nafar vatandoshimiz xorijda o‘qiyapti. Mutasaddilarga yoshlarimiz uchun bu imkoniyatlarni yanada oshirish davr talabi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash faqat ularning kelajagi uchun emas, balki butun jamiyatning rivoji uchun ham juda muhim. Shunday ekan, davlat va jamiyat sifatida ularga keng imkoniyatlar yaratish – taraqqiyotga qo‘yilgan eng muhim investitsiyadir.
Rahimboy Jumaniyozov, “TIQXMMI” MTU professori, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi
Universitet matbuot xizmati





