Nafosatli navro‘zona nutq
23.03.2025

Navro‘z – odamlarni birlikka, bag‘rikenglikka va ezgulikka
chorlashi bilan ham ahamiyatlidir. U turkiy va fors tilli
xalqlarning birlashuvi, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni asrab-avaylashga
xizmat qiluvchi umumxalq bayrami. Navro‘z – insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlaydigan,
oila va jamiyat birdamligini kuchaytiradigan bayram. Bu kunda odamlar bir-birini tabriklaydi, mehmonga borish,
kattalarni ziyorat qilish va hurmat ko‘rsatish muhim an’analardan hisoblanadi.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi ana shunday
istaklar bilan yo‘g‘rildi.
Prezident bu galgi Navro‘z muqaddas Ramazon oyida, uning
tabarruk fazilatlariga uyg‘un holda o‘tayotganini alohida ta’kidladi. Qalblarimiz
shodlikka to‘lgan shunday barokatli kunlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlarini, butun
islom ummatini Ramazoni sharif bilan uyg‘un kelgani ham e’tiborga molik.
Davlatimiz rahbari Navro‘zni xalqimiz asrlar davomida
og‘ir va mashaqqatli, sinovli paytlarda ham bu bayramni olijanob tabiati va qadriyatlari
bilan asrab-avaylab kelgani chinakam mo‘jiza deya ta’rifladi.
Yaratuvchanlik ishtiyoqi, g‘ayrat va shijoati, o‘zaro
hamjihatlik, mehr-oqibat va saxovat kabi olijanob fazilatlari Navro‘z timsolida
yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Abu Rayhon Beruniy: "Navro‘z
– insoniyatning tabiat bilan uyg‘unlikda yashashga intilishini anglatuvchi muqaddas
bayram"-deya bejiz ta’rif bermagan.
Navro‘z kunlarida bobo dehqonlarimiz
rizq-ro‘zimiz, dasturxonimiz qut-barakasini o‘ylab, ona zaminga o‘z mehrini beradi,
mo‘l hosil olish niyatida qattiq bel bog‘laydi. Shu ma’noda, Mir Alisher Navoiy
bobomizning “Dehqonki, dona sochar, yerni yormoq bilan rizq yo‘lin ochar” degan
so‘zlarida chuqur hayotiy ma’no mujassamligi haqli e’tirof etildi.
Navro‘zona tuyg‘ular, yuksak bunyodkorlik
ruhi Yangi O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar va jadal o‘zgarishlarning
asl mazmuni va ezgu g‘oyalariga hamohangdir. “Yashil makon” umummilliy loyihasi
doirasida diyorimizda yangi ekologik muhit yaratilayotgani zamirida ham ana shu
haqiqat bor.
Navro‘z – yoshlik va shijoat ayyomidir. Hayotga
katta orzu-umidlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimiz Yangi O‘zbekistonning ilg‘or
va qudratli kuchiga aylanib borayotganiga barchamiz guvohmiz, - dedi prezident.
Azmu shijoatli, iste’dodli farzandlarimizning dadil va mardona harakatlari butun
dunyoda katta aks-sado berayotgani quvonchli hodisa ekani ta’kidlandi.
Mamlakatimiz
bayrog‘ini yuqori, nufuzli musobaqalarda baland ko‘targan sportchi yoshlarimiz va
boshqa jabhalarda o‘rnak bo‘layotgan yosh avlod shijoati ham qayd etildi.
Prezident ayricha g‘urur bilan Navro‘z faslida tavallud
topgan Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband,
Mirzo Ulug‘bek, Zulfiyaxonim, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov kabi mutafakkir
zotlarni chinakam ibrat namunasi ekanini ham ta’kidlab o‘tdi.
Mana tabrik nutqidagi davlatmiz rahbarining g‘ururli da’vati:
“Hech qachon unutmangki, ortingizda salkam 38 millionlik buyuk xalq, Prezident turibdi.”
Bu yil yurtimizda mahalla raislari saylovlari bo‘lib o‘tishi,
22 mart kuni mamlakatimizda keng nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan
barcha yurtdoshlarimizni, mahalla faollarini samimiy tabrikladi.
Tabrik nutqini boshqalar qatori men ham tinglarkanman, ushbu xitob kuch qudratimiz
va g‘alabalarimiz garovi sifatida quloqlarim ostida to hanuz jaranglamoqda. “Bizning
kuchimiz – birlik va ahillikda, qudratimiz – Vatanga mehr va sadoqatda, yutug‘imiz
– o‘zimizga bo‘lgan yuksak ishonchimizda!!
Navro‘z Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro
bayram sifatida e’tirof etilgani, u hozirgi kunda barcha elu elatlarni, jumladan,
Markaziy Osiyo xalqlarini yanada jipslashtirayotgani quvonarlidir.
Prezidentimizning tabrik nutqida nafosatli navro‘zning
ohorli samimiyati va beg‘uborligi, xalqimizga bo‘lgan chin mehru sadoqat va ishonch
hissi ufurib turganligini sezmaslik mumkin emas.
Navro‘z - bu faqatgina bayram emas, balki yurakdagi umid
va orzularning qayta tirilishidir. Bu kun bizga yangi boshlanish, yangi imkoniyatlar
va yangi baxtlarni va’da qiladi. Sizga va oilangizga bu bayramning barcha xushnudchiliklari
nasib etsin!
Navro‘z hammamizga muborak bo‘lsin!
Rahimboy JUMANIYOZOV,
“TIQXMMI” MTU professori,
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi