ONA YURTGA MUHABBAT MANBAI

21.03.2025

#Ma`naviyat

  Har yili Navro‘z ayyomini nishonlash “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti jamoasi uchun O’zbekiston Qahramoni, O’zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovni yod etish bilan boshlash anʼana tusini olgan. Bu gal ham shoir tavalludining 84 yilligi munosabati bilan "Adiblar xiyoboni"da o‘tkazilgan maʼrifiy tadbir ayni shunday bo‘ldi. Unda shoirning oila a’zolari, yaqinlari, yozuvchi va shoirlar shuningdek, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti rahbariyati, o‘qituvchilar va talabalar qatnashdi. Tadbir shoirning ulug‘vor haykali poyiga gulchambarlar qoʼyishdan boshlandi. 

   Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti prorektori Ro‘zimurod Choriyev, shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva va boshqalar so‘zga chiqib, Abdulla Oripovning betakror ijodi va ibratli hayot yo‘li haqida fikr yuritishdi.

So‘ngra universitetimizning ijodkor talabalari, xususan Abdulla Oripov nomidagi stipendiya g‘oliblari shoir ijodidan namunalar o‘qishdi. "Ilhom buloqlari" to‘garagining rahbari Xursand Roʼzmetov va "Iqtisod"  fakultetining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Raʼno Qodirovalar shoir sheʼriyatidan namunalar oʼqib barchaning eʼtiboriga tushdi. 

   Ulug‘  shoirimizning vatanni madh etishi, xalqning tafakkuri va o‘zligini anglashga chorlovchi she’rlari nafaqat o‘sha davr insonlari, balki bugungi kun yoshlarini ham sergak tortishga undaydi.

 Shoirning serqirra ijodi va mustaqillikka erishish yo‘lidagi xizmatlari haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Bunday uchrashuv va tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi ajdodlarimizning bebaho merosini yoshlar qalbiga chuqur singdirishda muhim ahamiyatga ega. Hamkorlikda tashkil etilgan tadbir,  mazmunli va maroqli tarzda oʼtdi. 

"TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti   matbuot xizmati