Muhim videoselektor: Xalq manfaatli va ehtiyoji yoʻlida

17.03.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

Xalqimizning farovonligi va uning ehtiyojlari yoʻlida amalga oshiriladigan ishlar zamirida insonparvarlik, ona yurtimizga mehru sadoqat masalasi bor. Shunday ekan,  kommunal va qishloq xoʻjaligi mavzui ham mamlakatimiz hayotida, iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadi. Kommunal xizmatlar aholining turmush darajasini oshirishda, infratuzilmani yaxshilashda va shahar hamda qishloq hududlarini obodonlashtirishda asosiy ahamiyatga ega. Qishloq xoʻjaligi esa oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, eksport salohiyatini oshirish va qishloq aholisini ish bilan taʼminlashda hal qiluvchi rol oʻynaydi

2025 yil 17 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti, mahallalar obodligi va qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha videoselektor yigʻilishi ham shu boradagi muhim qadam boʻldi. Yigʻilishda ushbu sohalardagi vazifalar belgilab olindi.

Ushbu yigʻilishda kommunal va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi muhim vazifalar muhokama qilindi.

Ichimlik suvi masalasiga alohida  eʼtibor qilindi. Bu yil 1 ming 619 kilometr ichimlik suvi, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, tizimdagi 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejasi haqida soʻz bordi. Bularning natijasida 715 ming aholiga ilk bor toza ichimlik suvi yetib boradi, 135 ming xonadon oqova tarmogʻiga ulanadi, 157 ming isteʼmolchiga zamonaviy hisoblagich oʻrnatiladi.

Yaqinda davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik suvi boʻyicha 340 million yevrolik 3 ta loyiha kelishildi. Jumladan, Fransiyaning “Suez” kompaniyasi Denov, Shoʻrchi, Sariosiyo va Qumqoʻrgʻondagi ichimlik suvi taʼminotini xususiy boshqaruvga olayapti. Natijada viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetishi kutilmoqda.

Shu kabi xususiy sheriklik loyihalarini koʻpaytirish, yirik korxonalarimizning xalqaro tenderlarda qatnashish imkonini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Yana bir muhim vazifa sifatida sohani raqamlashtirish masalasiga ham toʻxtalindi.

 Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb qilinishi belgilangan. Besh yilda yirik suv inshooti va magistral quvurlarga 4 ming 800 ta “aqlli” hisoblagich, 2 ming 800 ta telemetriya tizimi oʻrnatish koʻzda tugʻilgan eʼtirof etildi.

Bu elektrotexnika sanoati uchun katta bozor ekani qayd etilib, hisoblagich ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ularga xizmat koʻrsatishni bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Soʻngra diqqat markaziga eng koʻp sarflanadigan issiqlik taʼminoti tabiiy gaz masalasi tortildi.

Xabaringiz bor, 11 mart kuni bu sohani tubdan isloh qilish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilingandi. Unga muvofiq, “Issiqlik taʼminoti” kompaniyasi tashkil etilib, hududlardagi 23 ta korxona uning tarkibiga oʻtkazildi. Keyingi besh yilda issiqlik tizimlarini tiklash uchun 19 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Markazlashgan issiqlik taʼminoti qamrovi 37 foizdan 58 foizga yetadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga koʻp qavatli uylar hamda ijtimoiy muassasalarda energiya samaradorligini oshirish boʻyicha topshiriq berildi. Qayd etilganidek, 9 mingta uy-joy va binolar yopiq isitish tizimiga oʻtkaziladi. Natijada issiqlik yoʻqotilishi 2 barobar, gaz isteʼmoli 20 foizga kamayadi.

Shuningdek,  yigʻilishda bahorgi ekish tadbirlariga ham toʻxtab, hokimliklar zaxirasida turgan yerlarni ajratishning soddalashtirish choralari belgilandi. Muhimi, qishloq yerlarini auksionda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotish bekor qilinadi. Auksionda sotilmagan yerning qiymati keyingi savdolarda kuniga 10 foizdan pasaytiriladi.

Prezident farmoyishi bilan eʼlon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda olib borilayotgan dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari haqida axborot berildi.

Bahorda 125 million tup koʻchat ekilishi moʻljallangan. Bunda ekin joylarini toʻgʻri tanlash, sugʻorishni yaxshilash muhim ekani taʼkidlandi. Jumladan, suv taʼminoti ogʻir mahallalarda geomembrana qoplamali hovuzlar barpo etilishi uqtirildi.

Xullas, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida kommunal xizmatlar va qishloq xoʻjaligi masalalari muhokama qilingani – xalq turmush farovonligi va milliy iqtisodiyot barqarorligi uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Buning ahamiyati quyidagilarda namoyon boʻladi. Avvalo, oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlik  yaʼni,  qishloq xoʻjaligining samaradorligini oshirish, sugʻorish tizimlarini takomillashtirish va fermerlarga yordam berish orqali mamlakatda oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirish va eksport salohiyatini oshirish mumkin. Bu esa xalqning kundalik turmushi va daromadlariga bevosita taʼsir qiladi.

Ikkinchidan, ichimlik suvi, issiqlik taʼminoti va yoʻllar aholi hayoti sifatini belgilab beradi. Hukumat tomonidan bu sohalarga katta eʼtibor qaratilishi – fuqarolarning turmush darajasi yaxshilanishiga sabab boʻladi.

Uchinchidan, qishloq xoʻjaligi sohasi ish oʻrinlari yaratishda muhim manba hisoblanadi. Bu yoʻnalishda qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilsa, millionlab odamlar mehnat bilan band boʻladi, daromadlari oshadi va ijtimoiy barqarorlik taʼminlanadi.

Toʻrtinchidan,  sugʻorish tizimlari, ichimlik suvi taʼminoti va issiqlik energetikasi kabi sohalarda toʻgʻri menejment joriy etilsa, tabiiy resurslar tejaladi, xalqning hayot sifati yaxshilanadi.

Ushbu videoselektor yigʻilishi davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy va iqtisodiy qarorlarni belgilab beradigan jihatlari bilan ahamiyatlidir. Prezident tomonidan belgilangan vazifalar oʻz vaqtida amalga oshirilsa, aholining turmush darajasi sezilarli yaxshilanadi, qishloq va shahar hududlarida infratuzilma taraqqiy etadi, iqtisodiyot barqarorlashadi. Muhim masala, muhim vazifa ham, aslida shu.

 

Rahimboy JUMANIYOZOV

“TIQXMMI” MTU professori,

Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi