Samarali safar: Fransiya safaridagi zafarlar

14.03.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari #Yangilik

Tashrif, taklif, talab va tavsiyalar katta kuchga, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy mohiyatga ega. Chunki uning zamirida mamlakat rivoji va xalq farovonligi, inson qadri, manfaati masalasi mavjud.

Bu fikrning isbotini kuni kecha Prezidentimizning Fransiyaga tashrifi bilan bogʻliq masalalarda yanada yaqqol koʻrish mumkin.

Yelisey saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari ikkala davlat oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yangi sahifasini ochdi desak oʻrinli boʻladi.

Davlat rahbarlari koʻp qirrali Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildilar. Ikki mamlakat yetakchilarining 2023 yil noyabr oyida Samarqand shahrida oʻtgan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlar ham eʼtiborga molik boʻlib oʻz samarasini berayotgani kishini quvontiradi.

Turli darajalarda faol muloqotlar davom etgani, oʻtgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshdi, qoʻshma korxonalar soni 4 barobar koʻpaygani buning isbotidir.

Davlatimiz rahbari uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston-Fransiya investitsiya kengashini taʼsis etish va uning birinchi yigʻilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida oʻtkazishni taklif etganlari bu boradagi dadil, qutlugʻ qadamdir.

Ayniqsajoriy yilda Toshkent shahrida Fransiyadan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda Oʻzbekiston-Fransiya universiteti ochilishi masalasi ham taʼlim sohasidagi hamkorlikning muhim boʻgʻini boʻldiDemak,  tabiiyki, fransuz tili oʻqituvchilarini tayyorlash sohasida ham samarali hamkorlik davom ettiriladi.

Shuningdek, ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida tomonlar toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish masalasini koʻrib chiqilishi ham mushtarak maqsadlar ifodasidir.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Koʻp tomonlama tashkilotlar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhim ekani taʼkidlandi.

Tashrif davomida Prezidentimizning Fransiya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuvi ayniqsa jonli va samimiy tarzda kechdi.

Toʻgʻri, davlatimiz rahbari 2018 va 2022 yillarda ushbu mamlakatga rasmiy tashriflari hamda 2023 yilgi Samarqand sammitida ham Fransiya tadbirkorlari bilan uchrashganlari yodimizda.

Bugungi forum ana shu ochiq va konstruktiv muloqotning davomi boʻldi. Bu galgi uchrashuv unda Oʻzbekistonning xususiy kompaniyalari rahbarlari va vakillari ham ishtirok etgani bilan ajralib turdi. Tadbirda Fransiyaning tashqi savdo va xorijdagi fransuz fuqarolari ishlari boʻyicha vazir-delegati Loran Sen-Marten, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu, “MEDEF International” rahbari - “Orano Mining” kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 60 dan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Buning oʻziyoq uchrashuvning nufuzi balandligiga shohiddir.

Zafarli safarning samarasi ham yomon boʻlmadi. Mana, ushbu bitim va hamkorlik natijalariga eʼtibor bering.

1. Oʻzbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

2. Readmissiya toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

3. Tashqi ishlar vazirliklarining 2025-2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;

4. 2026-2030 yillarda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik dasturi;

5. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya;

6. Sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya;

7. Fransuz tilini oʻqitishni kengaytirish toʻgʻrisida bayonnoma;

8. Musiqa, kino va teatr sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya;

9. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan Fransiya Madaniyat vazirligi, Madaniy meros milliy instituti va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti oʻrtasidagi hamkorlik bitimlari va hokazo.

Fransuz xalqi va oʻzbekistonliklarning oʻzaro samimiy munosabatlarining muhri va mehrining ramzi sifatidagi ushbu voqea, munosib taqdirlov ahamiyatli boʻldi.

Parij shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Fransiya Respublikasining oliy mukofoti - Faxriy legion ordeni bilan taqdirlanishi Prezidentimiz timsolida bunyodkor xalqimizga boʻlgan ishonch va ehtiromning ifodasi hamdir. Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirar ekan, xayolimdan xuddi oʻsha fikrlar kechdi.

1802-yilda taʼsis etilgan faxriy legion ordeni alohida xizmatlarning davlat darajasida eʼtirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.

Shuni ham taʼkidlash kerakki,  Oʻzbekiston Prezidenti ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun ushbu ordenga sazovor boʻldi.

Umidvormizki, ikkala mamlakat oʻrtasidagi har tomonlama hamkorliklar uzoq davom etishi, sermahsul natijalar berishiga shubha yoʻq. Safarlar zamiridagi zafarlar bardavom boʻlaversin,  deyish xalqimizning muborak oydagi duosi, muddaosidir.

 

               RAHIMBOY JUMANIYOZOV

“TIQXMMI” MTU professori, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi