Dolzarb yigʻin: Korrupsiya ildizlarini qirqish

05.03.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari #Yangilik

Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov korrupsiyani tirnoqqa oʻxshatgandi. Tirnoqni qirqib qoʻyasiz biroz muddatdan keyin yana o‘sib, chiqib kelaveradi. Uni butkul tugatishning imkoni  yoʻq.  Hatto,  yirik davlatlarda ham u yoki bu darajada bor. Bu degani unga qarshi kurashmaslik kerak degani emas.  Korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini, taktikalarini izlash kerak.  Chunki har qanday jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy toʻsiq boʻladigan muammolardan biri u. Uning oʻta salbiy va xavfli tomoni shundaki, u fuqarolarning davlat va huquq tizimiga boʻlgan ishonchini pasaytiradi, adolat mezonlarini buzadi va taraqqiyotga xavf soladi. Shu bois, har bir jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali yoʻllarini ishlab chiqish va tatbiq etish dolzarb masaladir.

        Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishini tashkil etganlari bejiz emas. Yigʻilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish boʻyicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida korrupsiya islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov ekanini taʼkidladi.

Korrupsiyadan xoli hudud yaratilmas ekan, mohiyat oʻzgarmaydi. Buning uchun shu haqdagi ayrim mulohazalarni bildirishni istardik.

Avvalo,  korrupsiyaga qarshi qonunchilikni takomillashtirish va uni amaliy hayotga qatʼiy tatbiq etish kerak. Ayniqsa, mansabdor shaxslar uchun javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirish samarali yoʻllardan biridir. Toʻgʻri,  bu borada mamlakatimizda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu hali yetarli emas, nazarimizda.

Ikkinchidan,  barcha davlat muassasalarida oshkoralik prinsipini joriy etish korrupsiyaga qarshi eng muhim omillardan biridir. Elektron hukumat tizimlarini rivojlantirish, davlat xaridlarining shaffofligini taʼminlash orqali inson omilini kamaytirish mumkin. Shuningdek,  jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari davlat idoralari faoliyati yuzasidan mustaqil tahlillar oʻtkazishi zarur. Bu korrupsiya xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan,  korrupsiyaga qarshi kurashda aholining huquqiy bilimini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Maktab va oliy taʼlim muassasalarida korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida maxsus kurslar joriy etilishi maqsadga muvofiq.Ayni paytda korrupsiyaga aralashgan shaxslarga nisbatan qonunning ustuvorligi taʼminlanishi shart. Huquqbuzarlik uchun jazo muqarrar boʻlishi lozim, bu esa boshqalar uchun ham saboq vazifasini oʻtaydi.

Toʻrtinchidan,  nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari korrupsiyaga qarshi kurashda faol ishtirok etishi, turli tashabbuslar orqali jamoatchilik ongini oshirishi kerak.

Toʻgʻri,  tan olish kerakki, soʻnggi yillarda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratilgani, Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilingani Prezidentimiz tomonidan yigʻilishda alohida qayd etildi.

Shuningdek,  yigʻilishda jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani,  ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi oʻrni va taʼsiri ortib borayotgani oʻrinli eʼtirof etildi.

Mana,  yigʻilishda taʼkidlangan ayrim raqamlar. Davlat xaridlari boʻyicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sogʻlom raqobat boʻlgani uchun oʻtgan yili 14 trillion soʻm byudjet mablagʻi tejaldi. Bugunga kelib, barcha banklar 100 million soʻmgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn berayapti. Natijada oldin bu ish bilan shugʻullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini koʻpaytirish bilan ishlayapti. Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi. Bu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.Oliy taʼlim tizimi ham raqamlashtirildi. Avval test topshirib, toʻplagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash joriy qilindi. 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga oʻtilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi.

Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi. Eng muhimi, bular orqali aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarga ishonchi mustahkamlandi. Soʻnggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra oʻsib, oʻtgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning isboti.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida muhim bir masalani daʼvatkorona tarzda ilgari surdi. Bu esa barchamizning diqqat markazimizga, ish tarzimizga aylansa,  maqsadga muvofiq boʻladi.

– Hammamiz yagona kuch boʻlib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak!

       Bu xitob mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligiga daxldor daʼvatdir!

 

 Rahimboy JUMANIYOZOV

Professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi