Dolzarb yigʻin: Korrupsiya ildizlarini qirqish
05.03.2025

Qahramon
shoirimiz Abdulla Oripov korrupsiyani tirnoqqa oʻxshatgandi. Tirnoqni qirqib
qoʻyasiz biroz muddatdan keyin yana o‘sib, chiqib kelaveradi. Uni butkul
tugatishning imkoni yoʻq. Hatto, yirik davlatlarda ham u yoki bu darajada bor.
Bu degani unga qarshi kurashmaslik kerak degani emas. Korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini,
taktikalarini izlash kerak. Chunki har
qanday jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy toʻsiq boʻladigan
muammolardan biri u. Uning oʻta salbiy va xavfli tomoni shundaki, u
fuqarolarning davlat va huquq tizimiga boʻlgan ishonchini pasaytiradi, adolat
mezonlarini buzadi va taraqqiyotga xavf soladi. Shu bois, har bir jamiyatda
korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali yoʻllarini ishlab chiqish va tatbiq
etish dolzarb masaladir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyevning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy
kengashi yigʻilishini tashkil etganlari bejiz emas. Yigʻilishda yurtimizda
korrupsiyadan xoli muhit yaratish boʻyicha qilingan ishlarga baho berilib,
kelgusi vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida korrupsiya
islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov ekanini taʼkidladi.
Korrupsiyadan xoli hudud yaratilmas
ekan, mohiyat oʻzgarmaydi. Buning uchun shu haqdagi ayrim mulohazalarni
bildirishni istardik.
Avvalo, korrupsiyaga qarshi qonunchilikni
takomillashtirish va uni amaliy hayotga qatʼiy tatbiq etish kerak. Ayniqsa,
mansabdor shaxslar uchun javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirish samarali
yoʻllardan biridir. Toʻgʻri, bu borada
mamlakatimizda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu hali yetarli emas,
nazarimizda.
Ikkinchidan, barcha davlat muassasalarida oshkoralik
prinsipini joriy etish korrupsiyaga qarshi eng muhim omillardan biridir.
Elektron hukumat tizimlarini rivojlantirish, davlat xaridlarining shaffofligini
taʼminlash orqali inson omilini kamaytirish mumkin. Shuningdek, jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi,
ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari davlat idoralari
faoliyati yuzasidan mustaqil tahlillar oʻtkazishi zarur. Bu korrupsiya xavfini
kamaytirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashda aholining
huquqiy bilimini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Maktab va oliy taʼlim
muassasalarida korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida maxsus kurslar joriy
etilishi maqsadga muvofiq.Ayni paytda korrupsiyaga aralashgan shaxslarga
nisbatan qonunning ustuvorligi taʼminlanishi shart. Huquqbuzarlik uchun jazo muqarrar
boʻlishi lozim, bu esa boshqalar uchun ham saboq vazifasini oʻtaydi.
Toʻrtinchidan, nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati
vakillari korrupsiyaga qarshi kurashda faol ishtirok etishi, turli tashabbuslar
orqali jamoatchilik ongini oshirishi kerak.
Toʻgʻri, tan olish kerakki, soʻnggi yillarda bu
illatga qarshi kurashish boʻyicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim
yaratilgani, Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi
kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilingani Prezidentimiz tomonidan
yigʻilishda alohida qayd etildi.
Shuningdek, yigʻilishda jamiyatda korrupsiya muammosini
jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit
yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot
vositalarining bu boradagi oʻrni va taʼsiri ortib borayotgani oʻrinli eʼtirof
etildi.
Mana, yigʻilishda taʼkidlangan ayrim raqamlar.
Davlat xaridlari boʻyicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib,
sogʻlom raqobat boʻlgani uchun oʻtgan yili 14 trillion soʻm byudjet mablagʻi
tejaldi. Bugunga kelib, barcha banklar 100 million soʻmgacha maishiy
kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn berayapti. Natijada oldin bu
ish bilan shugʻullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga
loyiha, kredit taklif qilib, mijozini koʻpaytirish bilan ishlayapti.
Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari toʻliq
elektron shaklga oʻtkazildi. Bu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga
kamaydi.Oliy taʼlim tizimi ham raqamlashtirildi. Avval test topshirib,
toʻplagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash joriy qilindi. 35 turdagi
hujjatlarni inson omilisiz olishga oʻtilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2
baravar kamaydi. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili
asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni
talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada
200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi
korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi.
Elektron davlat xizmatlari
soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11
milliondan oshdi. Eng muhimi, bular orqali aholi, tadbirkorlar, xorijiy
hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarga ishonchi
mustahkamlandi. Soʻnggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya
kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra oʻsib, oʻtgan yili 115 milliard dollarga
yetgani buning isboti.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida
muhim bir masalani daʼvatkorona tarzda ilgari surdi. Bu esa barchamizning
diqqat markazimizga, ish tarzimizga aylansa,
maqsadga muvofiq boʻladi.
– Hammamiz yagona kuch boʻlib
harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla
faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat
xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar –
umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton”
sifatida qarashi kerak!
Bu xitob mamlakat taraqqiyoti va
xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligiga daxldor daʼvatdir!
Rahimboy JUMANIYOZOV
Professor, Oʻzbekiston
Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi