Maqbul qaror: Birdamlik va bag‘rikenglik belgisi
01.03.2025

Maqbul qaror: Birdamlik va bag‘rikenglik belgisi
Xalqimiz tarixida, islom dunyosida nishonlanadigan muqaddas oylar, kunlar ko‘p. Ramazon oyi – muborak oylardan biri bo‘lib, u musulmonlar uchun savob va ma’naviy yuksalish oyidir. Bu Qur’oni Karim nozil qilingan oy sifatida niyat va amallarga boy oydir. Ushbu oyning fazilati haqida Qur’onda, xususan "Baqara" surasida shunday deyiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat bo‘lgan, to‘g‘ri yo‘l va haq bilan botilni ajratuvchi dalillarni o‘z ichiga olgan Qur’on tushirilgan oydir.” Unda birdamlik mazmuni va bag‘rikenglik ruhi mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 27-fevral kuni “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bahorning birinchi kuni sifatida kirib kelgan Ramazon asrlar mobaynida keng nishonlab kelinadi.
Unda hududiy tadbirlarda, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazish choralarini ko‘rish qayd etilgan. Uni “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ehtiyojmandlar va ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekish hamda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka e’tibor qaratish nazarda tutilgan.
Ommaviy axborot vositalarida jumladan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa OAVga Ramazon oyi tadbirlarini keng yoritish tavsiya etilgan.
Mazkur qaror Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos ravishda o‘tkazishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etadigan qadriyat va an’analarni bezavol saqlash hamda kelgusi avlodlarga yetkazish, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, ko‘makka muhtoj, nogironligi bo‘lgan va ehtiyojmand insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar olib borilmoqda. Bu kabi ezgu amallar muborak Ramazon oyida ayniqsa yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Xalqimiz uchun azaldan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lib kelgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish an’anaviy tus olgan.
Qarorda atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekishga hamda Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarda me’yorga amal qilish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor qilingan.
Xullas, birdamlik, bardamlik va bag‘rikenglikning belgisi bo‘lgan Ramazon urf-odatlarimiz hamda qadriyatlarimizning ko‘zgusi sifatida oz ahamiyatini yo‘qotmaydi.
Rahimboy Jumaniyozov, “TIQXMMI” MTU professori, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi