Energiya samaradorlik davr talabi

19.02.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  So‘nggi yillarda mamlakatimizda, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik faolligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

  Shu bilan birga, elektr energetikasi tarmog‘ida mavjud imkoniyat va salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotganligi ko‘zlangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.

  Resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish darajasining pastligi, tegishli infratuzilmani yangilash sur’atlarining sustligi texnologik yo‘qotishlarning oshishiga va elektr energiyasini yetkazib berishda, ayniqsa, joylarda muntazam uzilishlarga olib kelmoqda.

  O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025-yil 8-fevraldagi 10.5/2 -22/25-sonli xatiga muvofiq Samarqand viloyatida energiya samaradorligi bo‘yicha ilmiy-izlanishlar olib borish maqsadida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetidan malakali professor o‘qituvchilardan Isaqov A.J. (Energetika fakulteti dekani), Bozorov E.O. (Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish kafedrasi dotsenti), Izzatillayev J.O. (Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari kafedrasi dotsenti) va Cho‘lliyev Y.E. (Elektrotexnika va mexatronika kafedrasi dotsenti) lar ayni vaqtda Samarqand viloyatining turli tumanlarida xizmat safarini o‘tamoqdalar.

  O‘rganish natijalariga ko‘ra, 6-10/0,4 kVli elektr uzatish tarmoqlari muhofaza zonasi daraxt shohlaridan talab darajasida tozalanmaganligi, solqi simlarning tortilmaganligi, saqlagichlarning yetishmasligi, reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi qurilmalar o‘rnatish ulushini oshirish zarurligi va sohada faoliyat yuritayotgan kadrlar malakasini oshirish zarurligi qolaversa, elektr uzatish simlari va elektr qurilmalarda olib borilgan montaj ishlari “Elektr qurilmalarni o‘rnatish” va “Elektr qurilmalarni texnik ekspluatatsiya qilish” qoidalari talablariga mos emasligi, shuningdek, yangi mikroGES qurish mumkin bo‘lgan nuqtalar aniqlandi.

  Dastlabki, o‘lchov natijalari asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, korxonalarda yuqorida bayon etilgan kamchiliklarni bartaraf etish (qariyb qo‘shimcha sarf xarajatlarsiz) orqali elektr isroflarni 10 foizgacha kamaytirish mumkinligini aniqlandi.

  Energiya resurslaridan ratsional foydalanish va zaxira energiya manbalarini o‘rganishga oid ilmiy izlanishlar belgilangan rejaga muvofiq jadallik bilan davom ettirilmoqda.

“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi

Universitet matbuot xizmati