Uyushmaga a’zolik muborak bo‘lsin!

11.02.2025

#Ma`naviy va tashkiliy


               U Respublikamiz miqyosidagi jarayonlarga, xususan, ma’naviyat va ma’rifat masalalariga mas’ullardan biri sifatida o‘z fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etib keladi. Ayni paytda Davlatimiz rahbarining turli sohalar yuzasidan olib borayotgan islohotlariga, qabul qilayotgan qaror va farmoyishlariga, xususan dolzarb nutqlariga o‘zining sharhlari bilan ko‘pchilik OTM matbuot kotiblariga ibrat bo‘lib kelayotgani ham rost.

  Bu ustoz - Milliy tadqiqot universitetimizning matbuot kotibi, rektorning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, professor Rahimboy Jumaniyozovdir.

Ma’lumki, ular shu paytgacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining hamda arab xattotligi bo‘yicha noyob mutaxassis sifatida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining a’zosi edilar.

Bugun Milliy matbuot markazida tantanali tarzda ustozning O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining a’zosi bo‘lganligi bilan qutlab, bir guruh ijodkorlarga a’zolik guvohnomasi topshirildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi, “Ishonch” va “Doverie” gazetalarining bosh muharriri, senator Husan Ermatov, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining bosh muharriri Salim Doniyorov, ustoz jurnalist Mamatqul Hazratqulov va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimovlar samimiy tabrikladilar.

Xabaringiz bor, bir paytlari mashhur va manzur qiziqchi Hojiboy Tojiboevdan - Nega televidenieda kam ko‘rinasiz? - deb so‘rashganida, “Har doim chiqishning nima keragi bor, tomoshabinlar “YANA CHIQDI” deganidan ko‘ra, “ANA, CHIQDI” degani yaxshi emasmi, - deb javob bergan edilar.

Tabrik jarayonida ustoz jurnalist Mamatqul Hazratqulov ham shunga monand bunday lutf qildilar: “Biz Rahimboyni ancha oldin jurnalist sifatida tan olganmiz. Ayrim jurnalistlarga siz ham a’zomisiz desak, Rahimboyga qarata ENDIMI, deymiz.”

Ustoz yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Axborot xizmati rahbari sifatida attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib guvohnomaga ega bo‘lgandi.

Ustozni ushbu yutuqlari va yuqori nufuzli tashkilotlar tomonidan e’tirof etilgani bilan universitetimiz jamoasi nomidan yana bir bor qutlaymiz!


Sarvar Norimov

“Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi boshlig‘i