Uyushmaga a’zolik muborak bo‘lsin!
11.02.2025

U Respublikamiz miqyosidagi jarayonlarga, xususan, ma’naviyat va
ma’rifat masalalariga mas’ullardan
biri sifatida o‘z
fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etib keladi. Ayni paytda Davlatimiz
rahbarining turli sohalar yuzasidan olib borayotgan islohotlariga, qabul
qilayotgan qaror va farmoyishlariga, xususan dolzarb nutqlariga o‘zining
sharhlari bilan ko‘pchilik OTM matbuot kotiblariga ibrat bo‘lib kelayotgani ham
rost.
Bu ustoz -
Milliy tadqiqot universitetimizning matbuot kotibi, rektorning axborot siyosati
masalalari bo‘yicha maslahatchisi, professor Rahimboy Jumaniyozovdir.
Ma’lumki, ular shu paytgacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining hamda arab xattotligi
bo‘yicha noyob mutaxassis sifatida O‘zbekiston
Badiiy akademiyasining a’zosi edilar.
Bugun Milliy matbuot markazida tantanali tarzda
ustozning O‘zbekiston Jurnalistlar
ijodiy uyushmasining a’zosi bo‘lganligi bilan qutlab, bir guruh
ijodkorlarga a’zolik guvohnomasi topshirildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi, “Ishonch” va
“Doverie” gazetalarining bosh muharriri, senator Husan Ermatov, “Yangi
O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining bosh muharriri Salim Doniyorov,
ustoz jurnalist Mamatqul Hazratqulov va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi
vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimovlar samimiy tabrikladilar.
Xabaringiz bor, bir paytlari mashhur va manzur
qiziqchi Hojiboy Tojiboevdan - Nega televidenieda kam ko‘rinasiz? - deb
so‘rashganida, “Har doim chiqishning nima keragi bor, tomoshabinlar “YANA
CHIQDI” deganidan ko‘ra, “ANA, CHIQDI” degani yaxshi
emasmi, - deb javob bergan edilar.
Tabrik jarayonida ustoz jurnalist Mamatqul
Hazratqulov ham shunga monand bunday lutf qildilar: “Biz Rahimboyni ancha oldin jurnalist sifatida tan olganmiz. Ayrim
jurnalistlarga siz ham a’zomisiz desak, Rahimboyga qarata ENDIMI, deymiz.”
Ustoz yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Axborot xizmati rahbari sifatida
attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib guvohnomaga ega bo‘lgandi.
Ustozni ushbu yutuqlari va yuqori nufuzli
tashkilotlar tomonidan e’tirof etilgani bilan universitetimiz jamoasi nomidan
yana bir bor qutlaymiz!
Sarvar
Norimov
“Yoshlar
bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi boshlig‘i





