Ta'lim tizimida taraqqiyot istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman

20.12.2024

#Rektordan #Xalqaro hamkorlik

Ta'lim tizimida taraqqiyot istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman

Ta'lim, ilmu fan taraqqiyoti vatan taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘langani uchun jahon miqyosida bu masalaga e'tibor doim yuqori darajada bo‘lgan.  Shunday ekan,  xuddi shu mavzuda tashkil etilayotgan hamkorlik yo‘sinidagi konferensiyalarning o‘rni alohida ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda Erasmus+ oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar milliy jamoasining an’anaviy yillik konferensiyasi Erasmus+ loyihalari natijalari hamda oliy ta’limdagi innovatsiyalarni ommalashtirish, eng yaxshi tajribalarni ulashish va targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bugun Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida Tempus (1994-2014) va Erasmus+ (2014-2027) dasturlari doirasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning 30 yilligiga bag‘ishlangan Erasmus+ xalqaro anjumani sifatida "O‘zbekistonda oliy ta’lim rivojlanishining istiqbollari" mavzusida Oliy ta’limni isloh qilish bo’yicha expertlar (HERE) konferensiyasi “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetimizda tashkil etildi. Konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan HEREs va Milliy Erasmus+ ofislari delegatsiyalari faxriy mehmonlar va ma’ruzachilar sifatida ishtirok etishdi.

Tashkilotchilar:  O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (OTFIV), Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Milliy Erasmus+ ofisi (NEO), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” MTU), Erasmus+ Oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar milliy guruhi (HERE).

Universitetimizning Madaniyat saroyida tashkil etilgan ushbu konferensiyani  xalqaro reyting bo’limi boshlig’i Ilhom Abdurahmonov moderator sifatida boshqarib bordi.

Dastavval, so‘z universitetimiz rektori, professor Bahodir Mirzayevga berildi. U bu anjuman ishtirokchilarini, mehmonlarni tashrifi bilan qutlab,  konferensiyaning ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. 

So‘ngra O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim,  fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov minbarga taklif etildi. U davlat va hukumatimizda ta'lim taraqqiyoti masalasida xalqaro hamkorlikka hamisha e'tibor qilib kelinayotgani va bu mamlakat ravnaqi uchun muhim mohiyatga ega ekani borasida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.

 Keyin esa Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalaridan kelgan nufuzli mehmonlar va mutaxassislarga so‘z berildi.

Konferensiya tajriba almashish, samarali metodikalar, yutuqlar, tendensiyalar va muammolar haqida fikr almashish orqali oliy ta’lim samaradorligini oshirishga qaratildi. Shuningdek, tadbir davomida oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar (HERE) ning 2024-yildagi faoliyatini umumlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni rag‘batlantirish ham maqsad qilindi.

"Erasmus+ doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari" mavzusidagi sessiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining Erasmus+ milliy ofislari va HERE vakillari tomonidan o’zaro hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiya doirasida HERE va bir qator akademik nashriyotlar vakillari ko‘magida "Ilmiy axborot va nashriyot faoliyatiga kirish" an’anaviy ilmiy-ma’rifiy forumi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya ZOOM platformasi orqali onlayn ulanish amalga oshirildi.

Universitet rahbariyati vakillari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistion Erasmus+ Milliy ofislari va hamda ularning HERE ekspertlari, Erasmus+ loyihasi koordinatorlari, Tempus loyihasi ishtirokchilari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va talabalar ishtirokida o’tkazilayotgan konferensiya ancha zalvorli va keng miqyosli ekani bilan ajralib turdi.

UNIVERSITET MATBUOT XIZMATI