Avstriyadan quvonchli xabarlar

14.12.2024

#Ilmiy faoliyat #Yangilik

 Avstriyadan quvonchli xabarlar

 Avstriya Federal ta’lim vazirligining rasmiy ruxsati, “FELDER GROUP” kompaniyasining taklifi va universitetimiz rektorining 2024-yil 21-sentyabrdagi 185 x/s - sonli buyrug‘iga binoan “HÖhere Technische Bundeslehranstalt Imst” (HTL Imst) universitetida maxsus tashkil etilgan “TIMBER TECHNOLOGY” nomli o‘quv kursida professor-o‘qituvchilarimiz B.B.Hasanov, A.I.Azimov, L.B.Muratov, M.Z.Radjabov 2024- yil 23- sentyabrdan 12-dekabrgacha malaka oshirishdi. 

  “HTL Imst” universitetida malaka oshirish davrida professor - o‘qituvchilarimiz, zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan o‘quv xonalarida “AUTOCAD”, “MOSER”, “ALBATROC”, “CAD T” kabi dasturlarda yog‘och va yog‘och mahsulotlaridan tayyorlanadigan “Parametrik mebel” namunalarini loyihalash hamda “Duradgorlik” o‘quv xonalarida “FELDER GROUP” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, kompyuter dasturlari orqali boshqariladigan “FORMAT-4”, “FORMAT-5”, “HNC 47.B2”, “A-941”, “D-951”, “F-500 MS”, “K-945” kabi uskunalar va dastgohlardan foydalanish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishdi. 

  Shuningdek, Germaniyaning Myunxen va Avstriya poytaxti Vena shaharlaridagi noyob bino-inshootlarning konstruksiyalari va arxitekturasini o‘rganish maqsadida talabalar uchun tashkil etilgan o‘quv-tanishuv amaliyotlarida ishtirok etishdi hamda bino-inshootlarni barpo etishda ishlatiladigan turli ko‘rinishdagi yog‘och mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan “PFEIFER” nomli xususiy kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

  Malaka oshirish davomida professor-o‘qituvchilarimiz “HÖhere Technische Bundeslehranstalt Imst” va “TIQXMMI” MTU o‘rtasida hamkorlik faoliyatini yuritish bo‘yicha “Kelishuv shartnomasi”ni rasmiylashtirishga erishishdi. 

  2024- yil 12- dekabr kuni “FELDER GROUP” kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menedjeri Karen Amrayner va mas’ul xodimasi Magdalena Plamadeale ishtirokida tashkil etilgan, “HÖhere Technische Bundeslehranstalt Imst” universitetining jamoasi yig‘ilishida professor-o‘qituvchilarimizga maxsus “Sertifikat”lar tantanali ravishda topshirildi.

GTQ fakulteti dekan o‘rinbosari A.Azimov axboroti

Universitet matbuot xizmati