Qalb-u qiyofat qalqoni

05.12.2024

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Har bir davlatning qalb-u qiyofati uning Konstitutsiyasi va fuqarolarining unga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. U davlatning asosiy qonuni bo‘lib, unda davlatning huquqiy tizimi, tashkiloti va fuqarolarning huquqlari mujassam.

  Konstitutsiya tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak,  uning o‘ziga xos bosqichlari bo‘lgan. Antik davrda, Gretsiya va Rim davlatlarida davlat tashkilotini aniqlash, huquqlarni tartibga solishga harakat qilishga ehtiyoj sezilgan.  Platon va Aristotel davlatning barqarorligi va fuqarolarning huquqlariga oid nazariyalarni ishlab chiqishgan. Aristotelning “Siyosat” asari davlatni tasnif qilishga qaratilgan. Rim huquqi - davlat huquqining asosiy tizimi sifatida rivojlangan, bu tizim keyinchalik Yevropa huquqida asosiy manbaga aylangani rost. 

  O‘rta asrlarda “Magna Karta” (1215) — Angliyada qiroldan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish uchun imzolangan hujjat bo‘lib unda qirolning hukmronligi cheklanib, fuqarolarning huquqlari ta’riflangan.  Angliyada bu davrda “Parlament” huquqi va davlat organlarining qudrati oshdi, bu jarayon konstitutsiyalashgan huquqiy tizimlarga yo‘l ochdi.

  Yangi davr esa Amerika Konstitutsiyasi (1787) — Ushbu hujjat yangi mustaqil davlatning huquqiy asosini tashkil etgan bo‘lib,  u dunyodagi birinchi yozma konstitutsiyalarning biri bo‘ldi. 

  Ana shundan keyin ko‘pgina davlatlarning konstitutsiyasi yaratila boshlandi. XX asrda inson huquqlari va demokratiya prinsiplari asosiy e’tiborga aylandi. 1948 yilda BMTning Inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilindi.

  Ma’lumki, sobiq ittifoq paytida unga mansub bo‘lgan respublikalarning konstitutsiyalari ko‘pincha davlat hokimiyatini ko‘rsatish va kommunistik partiyaning hukmronligini ta’minlashga qaratilgan. Sovet konstitutsiyasi bir necha bor o‘zgargan bo‘lsa ham, unda inson huquqlari va ozodliklari nazariy jihatdan kafolatlangan, lekin amaliy hayotda bu huquqlar cheklangan edi.

  O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan keyingi konstitutsiya,  uning hayotbaxsh, xalqchil va insonparvarlik mohiyati tubdan o‘zgardi.  Ayniqsa,  Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 2023 yildagi yangi tahrirdagisi yanada takomillashdi. Uning o‘zgarishlar va tuzatishlar bilan qabul qilingan varianti mamlakatning siyosiy va huquqiy tizimini yanada mukammallashtirish, demokratik jarayonlarni kuchaytirishga yo‘naltirilgani bilan xarakterlanadi. Xo‘sh, bu nimalarda namoyon bo‘ladi? 

  1. Inson huquqlarini yanada mustahkamlash: Yangi Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklari haqidagi moddalarga e’tibor katta beriladi. Konstitutsiyada insonning qadr-qimmati va qadr-qimmatini hurmat qilish davlatning asosiy vazifasi sifatida belgilangan. Inson huquqlariga oid xalqaro shartnomalarga bog‘liq moddalar kiritilgan va ularni milliy qonunlarga integratsiyalashtirish nazarda tutilgan.
  2. Mamlakatdagi demokratiyani mustahkamlash. Konstitutsiyada davlat hokimiyatining alohida tarkibi va organlari o‘rtasidagi mutanosiblikni kuchaytirish, davlat organlarining bir-biriga ta’sir ko‘rsatmasligini ta’minlash maqsad qilingan. Parlamentning qudratini oshirishga, boshqaruvda fuqarolarning ishtirokini mustahkamlashga qaratilgan yo‘nalishlar mavjud. Masalan, Senat va Qonunchilik palatasining faoliyatiga yangi tuzatishlar kiritilgan.
  3. Fuqarolarning ishtirokini oshirish. Konstitutsiyada fuqarolarning davlat ishlariga, xususan, saylov va referendumlarda ishtirok etish huquqi belgilab qo‘yilgan. Yangi konstitutsiya davlatni demokratlashtirish uchun fuqarolarning siyosiy huquqlarini ishlab chiqish va himoya qilishga oid qoidalarni o‘z ichiga olgan.
  4. Ta’lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish. Yangi Konstitutsiyada ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va boshqa ijtimoiy xizmatlarning ahamiyatiga alohida e’tibor berilgan. Hukumatga ushbu sohalarda fuqarolarga ta’lim berish va sog‘liqni saqlash xizmatlarini ta’minlash vazifasi yuklangan.
  5. Konstitutsion sudni kuchaytirish. Konstitutsiyada Konstitutsion sudning ahamiyati oshirilib, uning rolini mustaqil va ta’sirchan organ sifatida belgilashga alohida urg‘u berilgan. Bu, o‘z navbatida, huquqiy davlatni rivojlantirish va inson huquqlarini ta’minlashda muhim qadamdir.
  6. O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi pozitsiyasini mustahkamlash. Yangi Konstitutsiyada xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning xalqaro huquqqa bo‘ysunishni ta’kidlash, mamlakatning mustaqilligi va siyosiy va iqtisodiy rivojlanishga intilishini rag‘batlantirishga qaratilgan moddalar qabul qilingan.
  7. Tabiiy resurslarning muhofazasi. Tabiat va ekologiyani muhofaza qilish konstitutsiyada maxsus modda bilan kafolatlangan, bu esa mamlakatning kelgusi rivojlanishini to‘g‘ri yo‘nalishda olib borishga yordam beradi.
  8. Fuqarolik jamiyatining ahamiyati. Fuqarolik jamiyati va NNOlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ularga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun qonuniy imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilishi ko‘zda tutilgan.

  Xullas,  Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi o‘zining gumanistik mohiyati, xalqchilligi bilan alohida ajralib turadi.  U inson huquqlarini, demokratik prinsiplarni, fuqarolarning ishtirokini va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan muhim islohotlarni o‘z ichiga oladi. 

  Har bir davlatning mavqeini, xalqning yashash tarzi, huquq va burchlarining ko‘zgusi bu uning asosiy Qonuni qomusi boshqacha aytganda, nomusidir.  Jaloliddin Rumiy hazratlaridan so‘rashadi, “Hazrat, bu dunyoga kelib nimani bildingiz? U shunday javob beradi: o‘z tadbirni bildim. Bu nima degani? Rumiy hazratlarining javobidan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, had-hudud bu, haq-huquq demakdir. Had-hudud makonga xos, haq-huquq insonga xos. Insonning o‘z haddini bilishi o‘z haq-huquqini tanishidir. Huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyat har bir fuqaroning burchidir. Konstitutsiyaga amal qilib yashagan insonning umri farahbaxshdir. Bu borada Konstitutsiyamizni o‘qib-o‘rganish, bilish va amal qilishning ahamiyati kattadir.

  Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 32 yilligi bayrami tantanalari Universitetimizda ham allaqachon boshlab yuborilgani e’tiborga molik. Bir paytlari e’tirof etilgan” Mustaqillik, bu avvalo, huquq demakdir“, degan shiorning ahamiyati nechog‘lik yuqori ekanligini anglash joiz.

Rahimboy Jumaniyozov ”TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti professori