“Bag‘rikenglik haftaligi” doirasidagi uchrashuv

29.11.2024

#Ma`naviy va tashkiliy #Ta`lim #Yangilik

  Ma’lumki, “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” (International Day for Tolerance) har yili 16-noyabrda nishonlanadi. BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan 1996 - yilda e’lon qilingan bo‘lib, bu kunning maqsadi — dunyodagi insonlarni o‘zaro bag‘rikenglikka, turlicha fikr va qadriyatlarga ehtirom bilan qarashga chaqirishdir. Har bir insonning madaniyati, irqi, dini va tilga qaramasdan o‘zaro tushunish va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish muhim.

  Bu kun, va uning targ‘iboti, jamiyatlarda tinchlik, hamjihatlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

  “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida 2024 - yilning 29 - noyabr kuni universitetda “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi sharti” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

  Mazkur tadbirda Respublika Turkman milliy madaniyat markazi faoli,  Xalq ta’limi a’lochisi, Xalq ta’limi fidoyisi Shirinjon Abdullayeva, Universitet matbuot kotibi R.Jumaniyazov,  Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Sh.Raxmonov, Yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i S.Norimovlar ishtirok etishdi. Tadbirda 200 nafarga yaqin turkman va o‘zbek talabalari qatnashishdi. 

  Shirinjon Abdullayeva O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarining o‘zaro birligi, madaniyati, adabiyoti va san’atining mushtarakligi, tarixiy teran tomirlarining tutashligi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ular orasidagi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik rishtalari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yanada mustahkam bo‘lganligini qayd etib o‘tdi. Universitetimizda tahsil olayotgan 400 ga yaqin turkmanistonlik talabalar nomidan Hayitgul va Nafisa ismli qizlar o‘z minnatdorchiligini bildirishdi.

  Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, jamiyat taraqqiyoti va farovonligi millatlararo, dinlararo o‘zaro bag‘rikenglik va totuvlik hamisha muhim ahamiyat kasb etadi. Mustaqil o‘lkamiz – O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar bo‘lib, ular tinch-omon, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Ana shu ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Hozirda bu g‘oya ezgulik yo‘lida nafaqat dindorlar, balki jamiyatning barcha a’zolari hamkorligini nazarda tutadi. Diniy bag‘rikenglik tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ozod va obod vatan qurishning muhim shartidir.

  Shuningdek, Respublika oliy ta’lim muassasalarida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi sharti” mavzularida ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzusida davra suhbatlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Universitet matbuot xizmati