Asqarali Karimovdan talabalarga motivatsiya
22.11.2024

Asqarali Karimovdan talabalarga motivatsiya
Joriy yilning 21-noyabr kuni Iqtisodiyot fakulteti tashabbusi bilan O‘zbekistonlik 1-epizodining bosh qahramoni, "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universitetining sobiq bitiruvchisi, Amerika suv xo‘jaligi assotsiatsiyasi, Milliy professional muhandislar jamiyati, Amerika qurilish muhandislari jamiyati, Amerika biologik va qishloq xo‘jaligi muhandislari jamiyati va AQSh irrigatsiya va drenaj qo‘mitasining faol a’zosi Asqarali Karimov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar, doktorantlar va magistrantlar ishtirok etdi. Seminarlar quyidagi mavzularda o‘tkazilishi belgilab olingan:
- Amerika universitetlari tizimi, Amerikada ta’lim olishning afzalliklari va imkoniyatlar
- Federal va davlat agentliklari (vazirliklar) va ularning atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligidagi roli
- Suv resurslari (er usti va er osti suvlari)Texasdagi menejment
- Suv resurslari muhandisligi
Hozirda AQSHda istiqomat qilayotgan, “KPA Engineers” kompaniyasida texnik suv xo‘jaliklari direktori, texnika fanlari doktori, vatandoshimiz Asqarali Karimov «O‘zbekistonlik» filmida bosib o‘tgan yo‘li va boshdan kechirgan qiyinchiliklari haqida so‘zlaydigan video https://youtu.be/xfCFnOcXebw
Asqarali Karimov suv va oqava suvlarni tozalash inshootlarini gidrologik va gidravlik modellashtirish, baholash, tekshirish, loyihalash, qurish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha katta bilim va tajribaga ega. Asqarali Karimov shuningdek, Turkmaniston, O‘zbekiston, Ukraina va Rossiya kabi ko‘plab mamlakatlarda ekologiya va tabiiy resurslarni boshqarish va rejalashtirish, qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanuvchilar va irrigatsiya tumanlari uchun suv samaradorligi va boshqaruv texnologiyalarini loyihalash va joriy etish bo‘yicha to‘liq tajribaga ega. U Texas A&M universitetining Biologiya va qishloq xo‘jaligi muhandisligi bo‘limida ilmiy xodim sifatida 6 yildan ortiq tajribaga ega, bakalavriat talabalari uchun suyuqliklar mexanikasi va atrof-muhit muhandisligi kurslarini o‘rgatgan.
Asqarali Karimov 2016-yilda Texas A&M universitetida qurilish muhandisligi bo‘yicha suv xo‘jaligi va gidrologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori darajasini olgan. Onlayn seminar ochiq va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Talabalar va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Seminarlar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilishi hamda ikki tomonlama hamkorlik masalalarini yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratiladi.
Universitet matbuot xizmati





